Vitaminlar nima?
Vitaminlar nima? Nega bizga vitaminlar kerak?
3 min
Bu nima?

“Vita” soʻzi hayot degan maʼnoni anglatadi. Vitaminlar hayotni taʼminlash uchun zarur boʻlgan moddalardir. Ular oʻsimlik yoki hayvonlar tomonidan hosil qilinadi va hayot jarayonlarini davom ettirish uchun ularning tanaga juda kichik miqdori kerak boʻladi.

XIX asrning oxiriga qadar singa¹ deb nomlangan gʻalati va xavfli kasallik asosan butun dunyo dengizchilariga jiddiy talofat yetkazgan. XVIII asrning oxirlarida yangi meva va sabzavotlar yordamida kasallikni davolash mumkinligi aniqlangan. Koʻrinib turibdiki, ushbu hodisaning sababini aniqlash uchun olimlarga 100 yil kerak boʻlgan: maʼlum boʻlishicha, yangi mahsulotlar tarkibida vitaminlar bor ekan.

Oʻsha paytda olimlar vitaminlarning aniq kimyoviy tabiatini bilmaganliklari sababli ularga nom berisholmagan va ularni shunchaki alifbo harflari bilan A, B, C, D va hokazo koʻrinishda nomlashgan.

A vitamini doimo hayvon organizmidagi yogʻ bilan bogʻliq. U oʻsimliklarda hosil boʻladi va bu oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hayvonlarga oʻtadi. A vitamini infeksiyalarning oldini olishga yordam beradi. U sut, tuxum sarigʻi, jigar, baliq yogʻi, shuningdek koʻkatlar, sabzi va ismaloqda mavjud.

B vitamini yoki hozirgi kunda “B-kompleks” deb nomlanadigan vitamin koʻp yillar davomida bitta vitamin deb hisoblangan. Hozirgi vaqtda B vitaminining olti xil koʻrinishi bizga maʼlum. Ular B1, B12 va hokazo deb ataladi. B1 vitamini baʼzi asab kasalliklarining oldini olish uchun zarurdir. Bundan tashqari, uning yetishmovchiligi “avitaminoz” kasalligini keltirib chiqaradi. Ushbu vitamin sut, yangi meva-sabzavotlar, barcha donli mahsulotlar tarkibida mavjud. Uning tanadagi miqdori doimiy ravishda toʻldirilib turilishi kerak.

Yana bir muhim vitamin — C. Uning yoʻqligi biz siz bilan yuqorida muhokama qilgan kasallik — singani keltirib chiqaradi, unda boʻgʻinlar qotib qoladi, tishlar qimirlab tusha boshlaydi va suyaklar zaiflashadi. Apelsin, qovoq va pomidor C vitaminiga boy. Tana oʻzida C vitaminini saqlay olmaydi, shuning uchun uning zahirasini muntazam ravishda toʻldirib turish kerak.

D vitamini goʻdaklarning suyaklari va tishlarining toʻgʻri rivojlanishi uchun muhimdir. Bu vitamin baliq yogʻi, jigar va tuxum sarigʻida koʻp miqdorda borligi aniqlangan. Quyosh nuri ham tanamizni D vitamini bilan taʼminlaydi. Agar siz yuqorida keltirilgan mahsulotlarni tez-tez isteʼmol qilsangiz, demak, siz tanangizni kerakli vitaminlar bilan toʻyintirib boryapsiz ekan.


[1] Singa — vitamin yetishmasligi tufayli yuz beradigan darmonsizlik, tish milklarining boʻshashuvi, qonashi va tishlarning toʻkilishi bilan xarakterlanadigan kasallik.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!