20.02.2024
Yozuv rivojiga muhim hissa qoʻshgan kashfiyotlardan biri ruchkaning ajdodi pero hisoblanadi. U insonlarga oʻz fikrlari va qilgan amallarini yozib borishga imkon beradi. Pero paydo boʻlishiga qadar odamzod harflarni yozish uchun turli xil moslamalardan foydalangan.
Masalan, qadimgi davrlarda odamlar gʻor devorlariga tasvirni chizish uchun uchi oʻtkir qilib charxlangan toshdan foydalanishgan. Ular devorga biror-bir narsani tasvirlash uchun barmoqlarini oʻsimlik sharbati va hatto hayvonlarning qoniga botirib namlab olishgan. Keyinchalik boʻr va loy boʻlaklaridan foydalanishni boshlashgan. Xitoyda iyerogliflarni¹ tasvirlash uchun tuya junidan yasalgan ingichka choʻtkalar ishlatilgan.
Peroni yozuv moslamasi sifatida ishlatish ilk marta Misrda ixtiro qilinganligi haqida maʼlumotlar mavjud. Misrliklar mis boʻlagini ichi boʻsh qamishga biriktirganlar. Birinchi xat Yunonistonda deyarli 4000 yil oldin yozilgan. Pero sifatida metal parchasi yoki fil suyagi boʻlaklari ishlatilgan va mum bilan qoplangan taxtachalarga yozishgan. Keyinchalik naychasimon oʻsimliklardan yasalgan peroning uchini oʻtkirlaydigan boʻlishdi. U rangli suyuqlikka botirilib, harflar papirusga² yozilgan.
Oʻrta asrlarda qogʻoz paydo boʻlishi bilan odamzod gʻoz, qargʻa va oqqushlarning patlaridan pero sifatida foydalanishni boshladi. Qalamning uchi uchli qilib charxlanib, oʻtkirlangan va siyoh kesilgan joydan pastga oqib tushgan. Qizigʻi shundaki, inglizcha “pero” soʻzi lotincha “qush patlari” soʻzidan kelib chiqqan. Bunday perolar chidamsiz boʻlishiga qaramay, ulardan ming yillar davomida foydalanilgan.
Poʻlat perolar Angliyada 1780-yilda paydo boʻlgan, ammo ular 40 yildan ortiq vaqt davomida ommalashmagan. Avtoruchka Amerikada taxminan 1880-yilda paydo boʻlgan. Uning perosi oltindan yasalgan va qogʻozni tirnamasligi uchun yuzasi osmiy-iridiy yoki sof iridiy qotishmasi qatlami bilan qoplangan. Ichida esa siyoh toʻldiriladigan plastik yoki rezina kapsula boʻlgan.
Sharikli ruchka — XX asrning ixtirosi. Unda yozish vazifasini diametri taxminan bir millimetr boʻlgan xrom bilan qoplangan sharcha bajaradi. U chuqurchada joylashgan boʻlib, qogʻoz boʻylab harakatlanayotganida aylanadi. Siyoh esa ichkaridan oqib tushadi.
Qoʻlingizda oddiy ruchkaning tarixi shunday boʻlgan, doʻstlar. Har qanday yangilik osongina va qisqa vaqt ichida yaratilmaydi. Unga yillar, harakat, vaqt va inson umri sarflanadi. Shuning uchun har bir qulaylik va imkoniyatlarni qadrlang. Ulardan yaxshi maqsadlarda foydalaning.
[1] Iyeroglif — xitoy, yapon va koreys yozuvlaridagi belgilar ifodasi.
[2] Papirus — oʻrta asrlarda papirus oʻsimligi poyalaridan tayyorlangan yozuv materiali.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.