Aysberglar qayerdan paydo bo‘ladi?

Aysberglar oʻrganish va kuzatishlar olib borish uchun ajoyib obyektlardir. Ammo okean kemalari uchun ular juda katta xavf tugʻdiradi. 

Dengizdagi eng dahshatli halokatlardan biri 1912-yilning 14-apreliga oʻtar kechasi Titanik aysbergga duch kelganida roʻy bergan va oqibatda 1513 kishi halok boʻlgan (bu haqida 1997-yil hujjatli film ham olingan).

Aysberg (nemischadan “Eisberg” — muzli togʻ) — muzlikning ajralib chiqqan boʻlagi. Muzlikning chekkasi sinib ajraladi va suzuvchi aysbergni hosil qiladi.

Baʼzi aysberglar fiordlarda — baland tik qoya devorlari bilan oʻralgan tor koʻrfazlarda paydo boʻladi va okeanga chiqib ketadi. Baʼzi aysberglarning qirralari singan yoki toʻlqinlar taʼsirida silliqlashgan boʻladi. Ularning asosiy qismi suv ostida joylashadi, u vaqti-vaqti bilan parchalanib, kutilmaganda aysberglar shaklida yuzaga qalqib chiqadi.

Aysberglarning oʻlchamlari har xil. Diametri 5–10 metr boʻlgan kichiklarini dengizchilar “groulerlar” deb atashadi. Ammo diametri 100 metrdan oshadigan aysberglar koʻproq uchraydi. Ayrim muz togʻlarining oʻlchami eniga 1000 metrga yetadi.

Aysbergning zichligi suv zichligining taxminan 90 foizni tashkil qiladi, shuning uchun bu muz togʻining faqat toʻqqizdan bir qismigina yuzada boʻlib, qolgan qismi suv ostida yashiringan boʻladi. Shu sababli suv sathidan 45 metr balandlikdagi muz boʻlagining qolgan qismi 200 metrgacha suv ichida boʻladi. Bunday togʻda qancha muz borligini tasavvur qilish qiyin. Chunki ularning baʼzilari 180 000 000 tonnani tashkil qiladi. Siz “bu hali aysbergning uchi” degan iborani ham eshitgan boʻlsangiz kerak.

Aysbergning asosiy qismi suv ostida boʻlganligi sababli uning harakatiga shamol emas, balki dengiz oqimlari taʼsir qiladi. Aysberglar asta-sekin iliq kengliklarga yetib boradi va u yerda eriy boshlaydi. Ulardan faqat bir nechtasigina Kanadadagi Nyufaundlendning sharqidan oʻtgan Golfstrimning iliq oqimiga qadar yetib boradi. Aynan ular kemalar uchun eng katta xavf tugʻdiradi. Shu sababli Qoʻshma Shtatlardagi qirgʻoq mudofaasi aysberglarning paydo boʻlishini doimiy ravishda kuzatib boradi va kemalarni ushbu muzli togʻlarning joylashuvi toʻgʻrisida ogohlantiradilar.

“Titanik” filmini koʻrib qolsangiz, fojia sababchisi boʻlgan aysberglarning xavflilik darajasi haqida savollaringiz boʻlmaydi degan umiddamiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!