20.02.2024
Geliyning kashf etilishi ilmiy detektiv hikoyaga oʻxshaydi! 1886-yilda ingliz olimi ser Norman Lokyer “spektroskop” asbobidan foydalanib Quyoshni oʻrganayotgan edi. Ushbu qurilma alohida elementlarning mavjudligini aniqlashga imkon beradi, chunki har bir kimyoviy element spektrning maʼlum bir chizigʻiga toʻgʻri keladi.
Spektrda nomaʼlum chiziq paydo boʻldi va u faqat Yerda hozirgacha nomaʼlum boʻlgan yangi element ekanligi aniqlandi. Bu elementni “geliy” deb nomlashdi. Ushbu soʻz yunoncha “helios” soʻzidan olingan boʻlib, quyosh maʼnosini anglatadi.
Olimlar ushbu elementni Yerdan izlay boshladilar. Vaqt oʻtishi bilan koʻplab tajribalar natijasida bizning atmosferamizda geliy borligi aniqlandi. Ammo uning miqdori shunchalik kamki, 247 350 kubometr havoda atigi bir kubometr geliy bor.
Boshqa tajribalar natijasida geliy radiydan ajralib chiqishi va turli zarralar ajralib chiqqanida “alfa zarralari” deb ataladigan hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan geliy atomlari hosil boʻlishi aniqlandi.
Geliy — juda foydali gaz. U juda yengil va yuqoriga oson koʻtariladi. Yonuvchan boʻlmaganligi tufayli undan harbiy va fuqarolik dirijabllarida¹ yoki meteorologik zondlarda² foydalanish juda qulay.
Geliyning ahamiyatini anglagan AQSh hukumati geliyning tabiiy manbalarini izlashga kirishdi. AQShning baʼzi hududlarida, masalan, Texas, Nyu-Meksiko va Kanzas shtatlarida tabiiy gaz qazib olinadi. Ushbu gaz tarkibida 1–2% geliy borligi aniqlandi.
Geliy ishlab chiqarishning boshqa manbalari boʻlmagani sababli AQSh dunyodagi geliyga ega boʻlgan yagona mamlakatdir! Dastlab, ushbu gaz bir kubometrining narxi 70 000 dollarni tashkil etardi, bugungi kunda uning narxi bir necha baravar arzonlashgan.
Geliy tibbiyotda ham qoʻllanilishini bilasizmi? U astma³ bilan ogʻrigan bemorlarga yordam beradi. Bundan tashqari, katta chuqurlikda ishlaydigan gʻavvoslarga (suv tagiga shoʻngʻuvchi kasb egalari) “Kesson kasalligi”dan saqlanish uchun nafas olishga geliy va kislorod aralashmasidan iborat havo beriladi.
Geliy gazining hidi ham, rangi ham yoʻq. Geliy havodan 7 marta yengildir, shu sababli saylgohlardagi havo sharlari yuqoriga uchib ketishi uchun aynan geliy bilan ishiriladi.
[1] Dirijabl — gaz bilan havoga koʻtariluvchi motorli uchish apparati.
[2] Meteorologik zond (meteozond) — atmosferada meteorologik kuzatishlarni amalga oshirish uchun uchiriladigan uskuna.
[3] Astma (bronxial astma) — nafas yoʻllarining surunkali kasalligi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.