Ishqalanish nima?
Ishqalanish nega kerak? Ishqalanish nima?
2 min
Bu nima?

Ishqalanish — bu bir jism boshqasining yuzasida harakatlanayotganida yuzaga keladigan qarshilik. Ushbu hodisa har qanday ikkita jismda kuzatilishi mumkin.

Hayotda bajaradigan koʻplab ishlarimizni ishqalanishsiz amalga oshirish imkonsiz boʻlar edi. Ishqalanish boʻlmaganida mix va shuruplar jismlarni ushlab turolmasdi, biz piyodalar yoʻlakchasida harakatlana olmasdik, gʻildiraklar oldinga siljiy olmay, aylanib turaverardi. Shunga qaramay, koʻp hollarda, ayniqsa texnikada, biz ishqalanishni iloji boricha kamaytirishga intilamiz.

Qattiq jismlar orasidagi ishqalanish asosan ularning sirtidagi notekislik tufayli yuzaga keladi. Ushbu yuzalar qanchalik silliq boʻlsa, ishqalanish shunchalik kam boʻladi. Qizigʻi shundaki, bir xil materiallar orasidagi ishqalanish har xil materiallarga qaraganda koʻproqdir. Sirtlarni moylaganimizda (masalan, dvigateldagi podshipniklar¹), qattiq sirtlarning ishqalanishini suyuqlik ishqalanishi bilan almashtirish orqali ushbu hodisa darajasini kamaytiramiz.

Qattiq jismlar orasidagi ishqalanish ikki xil boʻladi: dumalab va sirpanib ishqalanish. Dumalashda ishqalanish darajasi sirpanishdan kamroq boʻladi. Shuning uchun ham gʻildirak insoniyatning eng katta kashfiyotlaridan hisoblanadi. Bu, ayniqsa, yuklarni harakatga keltirganda sirpanishni dumalashga almashtirishga va ishqalanishni bir necha marotaba kamaytirishga imkon berdi.

Quyidagi misolni koʻrib chiqaylik. Ulkan toshni olib notekis yuzaga qoʻyamiz. Aytaylik, uni siljitish uchun 10 nafar odam kerak boʻladi. Agar biz bu tosh ostiga gʻoʻlalarni qoʻysak, toshni siljitishga 6 nafar inson kifoya qiladi. Toshni ikkita gʻildirakli aravaga joylashtirsak, 4 kishi ham sura oladi. Bu yerda arava oʻqlarining sirpanishi va notekis yuzada dumalash yuz beradi. Agar arava oʻqlarini moylab, sirt yuzasini tekislasak — bizga ikki kishi ham kifoya boʻladi. Agar biz gʻildiraklarda podshipniklardan foydalansak, bu toshni bitta odam ham bemalol tashiydi.

Havo va suv ham ishqalanish hosil qiladi. Havo qarshiligini kamaytirish uchun samolyotlarga suyri (silliq) shakl beriladi. Shuningdek, suvning qarshiligini kamaytirish uchun kemalar ham maxsus bir shaklga ega.


[1] Podshipnik — mexanizmlarning aylanuvchi qismini tutib turadigan va ularning oson aylanishini taʼminlaydigan yordamchi detal.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!