20.02.2024
Bu juda oddiy: agar ikki tiyinga yana ikkitasini qoʻshsangiz, unda sizda 4 tiyin boʻladi. Ammo siz kabi oʻylashni oʻrganishi uchun insoniyatga millionlab yillar kerak boʻlgan. Darhaqiqat, eng qiyin narsa — har qanday bolani zamonaviy raqamlar tizimidan foydalanishga oʻrgatishdir.
Qadimgi davrlarda odam nechta hayvoni borligini tushuntirmoqchi boʻlganida hali raqamlardan qanday foydalanishni bilmas edi. U katta qopga qancha jonivori boʻlsa, shuncha tosh solardi. Jonivorlar qancha koʻp boʻlsa, toshlar ham shunchalik koʻp boʻlardi. “Kalkulyator” soʻzi lotincha “calculus” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “tosh” degan maʼnoni anglatadi.
Keyinchalik, odamzod turli xil hisoblash birliklari uchun belgilardan foydalanishni oʻrgandi. U har bir sanagan narsasini belgilash uchun chiziqcha yoki boshqa belgi chizadigan boʻldi, lekin hali ham raqamlarni taʼriflaydigan soʻzlar yoʻq edi. Keyinroq odam qoʻlidagi barmoqlari bilan hisoblashni boshladi.
Qadimgi davrlarda barcha mamlakatlar uchun yagona hisob tizimi mavjud emas edi. Baʼzi hisoblash tizimlari asos sifatida 12, boshqalari 60, uchinchilari — 20, 2, 5, 8 sonlarini olishgan. Rimliklar tomonidan kiritilgan hisoblash tizimi butun Yevropada keng tarqalib, XVI asrga qadar foydalanilgan. Hozirgacha Rim raqamlari baʼzi soatlarda va kitoblarning boblarini belgilashda ishlatiladi, ammo bunday raqamlar tizimi juda murakkab edi.
Bugungi kunda biz foydalanadigan hisoblash tizimi ming yillar oldin Hindistonda oʻylab topilgan. Arab savdogarlari 900-yilga kelib uni butun Yevropaga tarqatishdi. Ushbu tizimda 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9 va 0 raqamlari ishlatilgan. Bu raqamlar arab raqamlari deb ataladi (hind yoki hind-arab raqamlari varianti ham tarqalgan). Bu oʻn soni asosida qurilgan oʻnlik sanoq tizimidir.
Biz uchun oddiy koʻringan bu raqamlar paydo boʻlishiga ancha vaqt, kuch va harakat ketgan. Hozirda deyarli butun dunyoda ushbu raqamlar tizimi ishlatiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.