Nega bizning xollarimiz bor?

Xollar haqida eski bir rivoyat bor, unda aytilishicha, boʻlajak ona bola tugʻilishidan oldin qoʻrqsa yoki hayajonlansa, bola tanasida xol paydo boʻladi va u shu xol bilan tugʻiladi. Ushbu xol onani qoʻrqitgan narsaga oʻxshash koʻrinishda boʻlar emish! Bu oʻylab topilgan narsa. Ammo shunga qaramay, xollarning nega paydo boʻlishi va buni oldindan qanday bilish haqida ilmiy izoh yoʻq. Xol tugʻilganda mavjud boʻlishi mumkin yoki undan koʻp oʻtmay paydo boʻladi va ular “nor” yoki biz eng koʻp eshitadiganimiz “xol” deb ataladi.

Deyarli har bir odamda kamida bitta xol borligini bilasizmi? Koʻp hollarda bir insonda oʻrtacha 14 ta xol boʻladi. Ular tananing har qanday joyida, shu jumladan bosh terisida ham boʻlishi mumkin. Xol — bu organizmdagi toʻqimaning kattalashishi. U qon tomirlari toʻqimalari, pigmentlarga¹ ega hujayra, soch xaltachasi boʻlgan hujayralar yoki biriktiruvchi toʻqimalardan iborat boʻlishi mumkin. Bundan xulosa shuki, xollar paydo boʻlishiga koʻra turlicha boʻlar ekan.

Xollar koʻpchilik oʻylaganidek “ajoyib” narsa emasligiga ikkita sabab bor. Ulardan biri uning saraton oʻsimtasiga aylanish ehtimoli. Bu juda kamdan-kam hollarda sodir boʻladi va koʻpchilik odamlar (shu jumladan siz ham) bundan tashvishlanishlariga sabab yoʻq. Ikkinchi sabab: agar xollar yuz qismida va katta oʻlchamlarda boʻlsa, ular koʻrimsiz qiyofaga sabab boʻlishi mumkin. Ammo xollarning aksariyati unchalik jiddiy noqulaylik tugʻdirmasligi sababli ularni bezovta qilmagan maʼqul. Agar xol tez-tez shikastlanishi mumkin boʻlgan joyda boʻlsa, uni olib tashlash tavsiya etiladi. Masalan, tovon tagi, kaftlar, boʻyin qismida (yoqa ostida) yoki belda kiyim tomonidan doimiy ravishda mexanik taʼsirga uchraydigan xollar boʻlsa, ulardan balogʻat yoshiga yetmasdan oldin “qutulgan” maʼqul.

Agar xol oʻsishni boshlasa, rangi oʻzgarsa, poʻst tashlasa, qichisa yoki qonasa, undan albatta xalos boʻlish kerak. Eng muhimi — xollarni olib tashlashni faqat jarroh amalga oshirishi shart.

Qoʻrqmang, kichikkina xollar sizga koʻp xavf tugʻdirmaydi. Baʼzida ular odamga oʻzgacha joziba ham berib turadi (ayniqsa qizlarga). Aytgancha, sizda nechta xol borligiga hech qiziqqanmisiz? Keling, bir sanab koʻramiz, kimda koʻproq ekan.


[1] Pigment (lotinchadan “pigmentum” — boʻyoq) — organizmlar toʻqimalari tarkibidagi boʻyoq birikma.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!