Shisha qanday kashf qilingan?
Shisha qachon ishlab chiqarilgan?
3 min
Tarix

Shisha odamlarga ming yillardan beri maʼlum. Uzoq vaqt davomida u qimmatbaho buyumlarni bezash va tayyorlash uchun ishlatilgan. Ammo odamlar uning asosiy xususiyati — shaffofligidan foydalanishni oʻrganganlaridan keyin haqiqatan ham shisha hamma uchun foydali boʻldi. Odamlar aniqlashdiki, u orqali koʻrish mumkin ekan.

Garchi shisha qadim zamonlardan beri ishlatilganligi maʼlum boʻlsa ham, uning birinchi marta qachon va qayerdan olinganligini hech kim aniq bilmaydi. Shisha ishlab chiqarishning asosiy tarkibiy qismlari — qum, soda kuli yoki ishqor va ohak boʻlib, ular yuqori haroratda eritiladi. Bu xomashyolarning barchasi sayyoramizda keng tarqalganligi sababli shisha ishlab chiqarish siri koʻplab mamlakatlarda kashf etilishi mumkin edi. Shuning uchun bu borada yagona fikr yoʻq. Mavjud farazlardan biriga koʻra, “shishani kashf etgan xalq” unvoni qadimgi finikiyaliklarga tegishli. Afsonaga koʻra, qaysidir kema jamoasi Suriyadagi daryo boʻyiga tushgan. Kechki ovqatni olovda pishirish maqsadida ular ustiga idish qoʻyish mumkin boʻlgan katta tosh topa olmagach, shu maqsadda kema yuki orasidan katta selitra (natriy birikmasi) boʻlaklarini olib ishlatganlar. Kuchli issiqdan selitra erib, atrofdagi qum bilan birlashgan va suyuq shisha boʻlib oqa boshlagan. Bu hikoyaga ishonish yoki ishonmaslik — oʻquvchining ishi, ammo Suriya yer yuzida shisha ishlab chiqarish boshlangan birinchi joylardan biri boʻlgani shubhasizdir. Finikiyalik savdogarlar esa Oʻrta dengizning barcha mamlakatlarida shisha buyumlarni sotishgan.

Shisha ishlab chiqarish qadim zamonlardan maʼlum boʻlgan yana bir mamlakat Misr edi. Miloddan avvalgi 7000-yilga oid qabrlarda shisha marjon va tumorlar topilgan. Biroq, bu mahsulotlar u yerga ham Suriyadan yetib kelgan boʻlishi mumkin. Ammo biz miloddan avvalgi 1500-yillarda misrliklar oʻz shishalarini yasashganini aniq bilamiz. Buning uchun ular maydalangan kvars toshlarining qum bilan aralashmasidan foydalanganlar. Shuningdek, ular ushbu aralashmaga kobalt, mis yoki marganets qoʻshilsa, moviy, yashil, qirmizi rangli shishalarni olish mumkinligini aniqlaganlar.

Miloddan avvalgi 1200-yildan keyin misrliklar shishani maxsus qoliplarda quyishni oʻrgandilar. Ammo shishani puflab shishirish naychasi nasroniylik davri boshlanib finikiyaliklar tomonidan ixtiro qilinganiga qadar nomaʼlum edi.

Katta ehtimol bilan shisha ishlab chiqarish boʻyicha mohir hunarmandlar — rimliklar boʻlib, ular birinchi boʻlib yupqa deraza oynalarini yasashgan. Yangi davrning boshlanishi bilan esa deraza oynasi kundalik hayotimizdagi oddiy buyumiga aylandi.

Shishaning foydali ixtiro boʻlishiga qaramay, u odamga shikast yetkazishini barchamiz bilamiz, shu sababli shisha idish singanda uni tozalab olishda ehtiyotkor boʻlishni unutmang.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!