Pochta markalarni kim o‘ylab topgan?
Pochta markalari haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Nima uchun ular “pochta markalari” deb nomlanishini bilishni xohlaysizmi? Bu savolga javob olishimiz uchun biz qadim zamonlarga, joʻnatma va xatlar butun mamlakat boʻylab estafeta shaklida tashilgan vaqtga qaytishimiz kerak. Bir xat tashuvchi pochtani boshqasiga topshiradigan stansiyalar postlar deb nomlangan. Shunga koʻra, inglizcha “postage” soʻzi pochta xizmatini anglatadi.

“Marka” soʻzi (inglizchda “stamp” — bosma) xatlarni muhrlash usulidan kelib chiqqan. Maktubga mum tomizilgan va u qotib ulgurmasdan ustiga muhr yoki uzuk bosilgan. Bu xat yuboruvchining shaxsini aniqlash uchun xizmat qilgan.

Yozishmalarni yetkazib berishda markalardan foydalanish gʻoyasi birinchi marta XIX asrning 30-yillarida ingliz kashfiyotchisi Roland Xill tomonidan taklif qilingan. Uning fikricha, pochta markalari kiritilishi bilan pochta yozishmalari hajmi keskin oshadi, demak, davlat daromadi ham oshadi. Shuningdek, u xatlarni yuborish narxi bilan bogʻliq koʻp tartib-qoidalarni taklif qilgan.

Oʻsha vaqtga qadar xatni yuborish narxi xatdagi varaqlar soni va u yuboriladigan masofaga bogʻliq edi. Xat qancha uzoqqa yuborilsa, har bir varaq uchun uni yuborish narxi ham shunchalik yuqori boʻlardi. Xill xatlarni yuborish uchun faqat vaznga bogʻliq boʻlgan standart tarif joriy etishni taklif qildi. U yuboriladigan masofa hisobga olinmasligi kerak edi.

1840-yilda pochta markalaridan foydalanishni boshlagan birinchi mamlakat Buyuk Britaniya boʻldi. Bu yerdan markalar gʻoyasi boshqa mamlakatlarga, xususan Shveysariyaga juda tez tarqaldi, u yerda Syurix va Jeneva shaharlarida pochta markalari joriy etildi. Gʻarbiy yarimsharda buni birinchi boʻlib amalga oshirgan mamlakat AQSh emas, balki Braziliya boʻldi. U yerda markalar 1843-yilda chiqarilgan, Qoʻshma Shtatlar esa 1847-yildagina markalarni joriy qilgan. 

Hozirgi kunga kelib biz ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali xatimizni boshqa odamga bir zumda yetkazishimiz mumkin boʻlib qoldi va bu juda ajoyib!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!