20.02.2024
Inson tanasi haqida mulohaza qilar ekanmiz, yurak, jigar yoki miyani “aʼzolar” deb atashga odatlanganmiz. Ular maʼlum funksiyalarga ega va belgilangan vazifani bajaradilar. Xuddi shunday teri ham tananing bir aʼzosi ekanini bilasizmi?
Boshqa aʼzolar nisbatan kam joy egallagan bir vaqtda teri butun tana boʻylab 20 000 kv. cm maydonga ega boʻlgan nozik qobiq boʻlib tarqaladi. Har bir santimetrda ter bezlaridan tortib asab tolalarigacha mavjud boʻlgan murakkab tuzilmalar soni haqiqatan ham gʻaroyibdir.
Teri ikki qatlamli toʻqimalardan iborat. Ulardan biri “korium” deb ataladigan qalinroq va chuqurroq qatlam boʻlib, uning ustida yupqa toʻqima — “epidermis” bor. Ular ajoyib tarzda birlashgan. Pastki qatlamda “soʻrgʻichlar” shaklidagi oʻsimtalar mavjud boʻlib, ular yuqori qatlam orasiga kirib, ikkalasini bir butun qilib bogʻlaydi.
Ushbu “soʻrgʻichlar” burmalarda joylashganligi sababli terining har bir qismida oʻziga xos naqsh hosil boʻladi. Bizning barmoq izlarimiz aslida shu burmalar hisobiga hosil boʻladi.
Terining yuqori qatlami boʻlgan epidermisda qon tomirlari yoʻq. U allaqachon oʻlgan va “dagʻallashgan” hujayralardan iborat. Bunga koʻra, inson tanasini muguzli “sovut” bilan qoplangan deb aytishimiz mumkin. Bu juda foydali, chunki dagʻallashgan teri qatlami bizni himoya qilishga yordam beradi. U unchalik sezgir emas, shuning uchun bizni ogʻriqdan himoya qiladi.
Biroq epidermisning pastki qatlamlari juda sezgir. Ularning vazifasi ona toʻqimada yangi hujayralarni ishlab chiqarish va ularni yuqoriga surib chiqarishdir. Vaqt oʻtishi bilan bu yangi hujayralarning oziqlantirilishi toʻxtatiladi va ular oʻlib dagʻal qatlamga aylanadilar.
Har kungi faoliyatimiz davomida milliardlab ustki dagʻallashgan hujayralar ajralib tushadi. Yaxshiyamki, har kuni shu miqdordagi yangi hujayralar ishlab chiqariladi. Shuning uchun ham terimiz doimo yosh boʻlib qolaveradi.
Terida dagʻallashgan hujayralarning 30 qatlami mavjud. Terining yuqori qatlami yuvilib ketganidan yoki yeyilgandan soʻng uning ostida yangisi tayyor turadi. Biz hech qachon bu qatlamlarning barchasidan foydalana olmaymiz, chunki har doim pastdan yangisi koʻtarilib kelaveradi. Shu sabab biz terini dogʻ va kirlardan tozalab, uni ozoda saqlash imkoniyatiga egamiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.