20.02.2024
Nyu-York, London yoki Parij kabi shaharlar hududida vulqonlar yoʻq va kelajakda ham paydo boʻlishi dargumon. Biroq dunyoning baʼzi hududlaridagi joylarda bir nechta vulqonlar joylashgan. ?
Markaziy Amerikaning Tinch okeani sohillari dunyodagi vulqon faoliyati eng faol joylardan biridir. Haqiqatan ham, bu joyda faol vulqonlarning uchdan ikki qismi (ehtimol, undan ko’proq ham) mavjud. Qolaversa, yaqinda oʻz faoliyatini toʻxtatgan koʻplab vulqonlar ham aynan oʻsha yerda joylashgan.
Buning sababi bu joylarda Yer qobigʻi dunyoning boshqa hududlariga nisbatan juda zaifdir. Yer qobigʻining zaif qismi boʻlgan joylarda vulqon paydo boʻladi.
Jarayon quyidagicha shakllanadi. Biz bilganimizdek, Yer sharining yadrosi juda qaynoq. Sayyoramizning oʻrtasiga qarab ketaverilsa, harorat ham koʻtarilib boradi. 25 km chuqurlikda harorat shunchalik balandki, barcha jinslar erigan holda boʻladi (harorat 1000-1100 °C ga yetadi).
Tosh jinslari eriganida uning hajmi oshadi va unga koʻproq joy kerak boʻladi. Yerning ayrim hududlarida yangi togʻ tizimlari bir necha ming yil oldin paydo boʻlgan. Bu hududda ularning ostida bosim boshqa hududlarga qaraganda pastroq. Bu Yer qobigʻidagi zaif maydon hisoblanadi.
“Magma” deb ataladigan erigan tosh jinslari bu joylarga kirib, erigan tosh jinslari omborlarini hosil qiladi. Magma Yer jinslarining koʻtarilishi natijasida hosil boʻlgan yoriqlar boʻylab yuqoriga koʻtariladi. Bunday ombordagi bosim magmani yer ostida ushlab turadigan kuchlardan oshib ketsa, erigan tosh jinslari tashqariga otilib, vulqon hosil boʻladi. Vulqon otilishi unga yoʻldosh boʻlgan gazning chiqish jarayoni tugashi bilan toʻxtaydi.
Vulqon otilishi paytida asosan gazsimon moddalar, shuningdek koʻp miqdordagi erigan “lava”, kul shaklidagi qattiq zarralar ajralib chiqadi. Vulqon otilishi bu gazlarning portlashidir, ammo lavaning bir qismi changga aylanadi va portlash paytida biz qora tutun bulutini kuzatamiz.
Vulqon otilishini koʻpchiligimiz faqat yangiliklar, kinolar yoki internetdagi videolarda koʻrgan boʻlsak kerak, endi esa u qanday hosil boʻlishini ham bilib oldik.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.