Nega gullarning hidi va rangi bor?

Qizigʻi, koʻpincha biz oʻsimlikning “gullari”ga qoyil qolib zavqlanamiz, ammo ularning umuman gul emasligini bilmaymiz. Agar oʻsimlikda oʻsgan yorqin rangli narsani gul deb hisoblasak, unda biz qattiq adashgan boʻlamiz.

Masalan, bahorda gullaydigan oʻsimliklarning “gulli barglari” umuman gulbarg emas.

Boshqa tomondan, oʻtning uchidagi tukli popuklar gullardir. Hali yetilmagan makkajoʻxori soʻtasi ham gul hisoblanadi. Botaniklarning taʼrifiga koʻra, gul oʻsimlikning gulchang yoki urugʻ yoxud ikkalasini birgalikda ishlab chiqarish uchun moʻljallangan qismidir. Faqat urugʻlar yordamida koʻpayadigan oʻsimliklargina gullarga ega. Shuningdek, faqat oʻsimlik urugʻlarining shakllanishi va yetilishi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qismlarnigina gullarga tegishli deb hisoblash mumkin.

Gullar nega hid taratadi? Gullar barglarida maʼlum moylar mavjud boʻlgandagina hidga ega boʻladi. Bu moylar oʻsimlik tomonidan ishlab chiqariladi va oʻsish jarayonida muhim ahamiyatga ega. Moylar murakkab tuzilishga ega. Baʼzi sharoitlarda bu tuzilma parchalanib, uchuvchan moy hosil qiladi va tezda bugʻlanadi. Shunday jarayon sodir boʻlganda biz gul taratadigan iforni his qilamiz.

Gullar taratadigan turli xil hidlar uchuvchan moylarning kimyoviy elementlariga bogʻliq, chunki ularning birikmalari turli xil hidlarni hosil qiladi. Aytgancha, xuddi shu moylar nafaqat oʻsimlik gullarida, balki uning bargi, qobigʻi, ildizi, mevasi va urugʻlarida ham bor. Masalan, limon va apelsinda bu moylar mevalarida, bodomda urugʻlarida, dolchinda esa qobigʻida mavjud.

Nega gullar rangga ega? “Antotsiyanin” — bu gullarga qizil, och binafsha rang, koʻk, binafsharang va boshqa tuslarni beradigan pigmentlarning¹ nomi. Bu pigmentlar gul sharbati bilan eriydi. Sariq, toʻq sariq, yashil kabi boshqa ranglar esa boshqa pigmentlar tufayli hosil boʻladi. Bularga xlorofill, karotin va boshqalar kiradi. Ular turli xil kimyoviy tuzilishga ega.

Demak, gullarning rang-barangligi “antotsiyanin” va “plastid” pigmentlarning mavjudligiga bogʻliq. Pigmentlarning baʼzilari bir rangni, qolganlari boshqa rangni hosil qiladi.


[1] Pigment (lotinchadan “pigmentum” — boʻyoq) — organizmlar toʻqimalari tarkibidagi boʻyoq birikma.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!