Olmos qanchalik mustahkam?

Agar ozroq yopishqoq qorishmangiz boʻlganida, uni pishiqroq va qattiqroq qilish uchun nima qilgan boʻlardingiz? Siz uni qorishtirib pishitasiz va qancha koʻp pishitsangiz, u shunchalik zichroq boʻladi.

Olmoslar ham tabiat mahsuli hisoblanadi. Yuz millionlab yillar oldin Yer yuzasi asta-sekin soviy boshlagan. Oʻsha paytda yer qaʼrida erigan tosh jinslarining ulkan massasi boʻlgan. Unga yuqori harorat va yuqori bosim taʼsir koʻrsatgan. Bunday bosim ostida uglerod bugungi kunda biz “olmos” deb ataydigan narsaga aylangan.

Olmos Yerdagi eng qattiq modda hisoblanadi. Biroq “qattiqlik” miqdorini aniq oʻlchash juda qiyin. Moddaning qattiqligini aniqlashda bitta mineral boshqasi bilan tirnaladi. 1820-yilda nemis olimi Fridrix Moos shunga oʻxshash uslubga asoslanib, minerallarning qattiqlik jadvalini taklif qildi. Ushbu jadvalga koʻra, qattiqligiga qarab minerallar quyidagicha joylashgan: 1. Talk. 2. Gips. 3. Kalsitlar. 4. Flyuoritlar. 5. Apatitlar. 6. Dala shpati. 7. Kvars. 8. Topaz. 9. Korund. 10. Olmos.

Ammo bu maʼlumotlar bir mineralning boshqasiga nisbatan olingan. Biroq korundning toʻqqizinchi va olmosning oʻninchi oʻrinlarda ekaniga qaramay, ularning qattiqligi farqi toʻqqizinchi va birinchi oʻrinlar orasidagi qattiqlik farqidan kattaroq ekani aniqlandi. Shuning uchun qattiqlik boʻyicha olmos bilan hech narsa tenglasha olmaydi.

Xoʻsh, olmos shunchalik qattiq boʻlsa, ular qanday qilib tarashlanadi? Olmosni faqat boshqa olmos bilan kesish mumkin! Olmoslarni qirralovchi ustalar olmos changi bilan qoplangan asboblardan foydalanadilar.

Olmosli silliqlash va kesish chambaraklari sanoatda turli maqsadlarda, masalan, optik oynalarni jilolashda, mis, bronza, boshqa metallardan har xil asboblarni ishlab chiqarishda, shisha kesishda ishlatiladi. Bugungi kunda qazib olingan olmoslarning 80% dan ortigʻi sanoatda qoʻllanadi! 

Koʻpchiligingiz shu vaqtgacha eng qattiq narsa tosh deb oʻylardingiz va hafsalangizni pir qildikmi? Endi hamma tosh qattiq desa, siz olmosga teng keladigani yoʻq deysiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!