Chiroq qachon ixtiro qilingan?
Chiroq qanday paydo bo'lgan? Qadimda yoqilg'i sifatida nimalardan foydalanishgan?
2 min
Tarix

Odamzod olov yoqish usulini ixtiro qilgunga qadar u issiqlik va yorugʻlikni quyoshdan olgan. Ammo odam uni boshqara olmasdi, shu sababli tunda hamma joy zulmatga qoplanardi.

Ehtimol, odam olov yoqishni oʻrganganidan soʻng u baʼzi narsalar boshqalarga qaraganda yaxshiroq yonishini payqagan. Balki yogʻ olovga tushganida u yorqin nur berishini ham sezgan boʻlishi mumkin. Vaqt oʻtishi bilan odam atayin yonish paytida koʻproq yorugʻlik beradigan materiallarni tanlay boshlagan. Baʼzi daraxt navlarining payrahalari devor teshiklariga tiqib qoʻyilgan va ular juda sekin yonib bitgan. Qaragʻay novdalari mashʼala sifatida ishlatilgan. Hayvon yogʻini toshlardagi gʻovaklarga (teshikchalar) joylashtirib, unga yoʻsindan pilik qoʻyishgan. Shu tarzda yogʻ chiroqlari paydo boʻlgan. Tarixda bu haqida maʼlumotlar boʻlmagani uchun bu qachon sodir boʻlganini aniq bilmaymiz.

Yangi Angliyada 1820-yilgacha chiroqlarda choʻchqa yogʻi ishlatilgan. Baʼzi chiroqlar esa kit yogʻidan ajratib olingan moy yordamida yongan. Aslida osongina olinadigan har qanday moy yorugʻlik olish uchun yaroqli edi. Oʻrta dengiz hududida koʻp miqdorda zaytun daraxtlari oʻsgan, aynan shu sababga koʻra zaytun moyi ishlatilgan. Yaponlar va xitoyliklar oʻz chiroqlari uchun moyni turli xil yongʻoqlardan olishgan. Agar odamlar yerostidan yonuvchan minerallarni topmaganida, balki bugungi kunda ham biz yeryongʻoq moyidan foydalangan boʻlarmidik.

1859-yilda neft kashf qilindi. Agar u yopiq idishda qizdirilsa, kerosin deb ataladigan yengil rangsiz suyuqlikni olish mumkin. Shundan soʻng chiroqlarda asosan kerosin ishlatila boshlandi. Toʻgʻri, dastlab u “koʻmir moyi” deb nomlangan, chunki neftni koʻpincha koʻmir bilan bogʻliq deb hisoblashgan.

Ehtimol, uyingizda kerosin chiroq bor boʻlsa kerak. Koʻpchilik odamlar toʻsatdan elektr uzilib qolganida ishlatish uchun shunday chiroqlarni uylarida saqlashadi. ?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!