Birinchi tikuv mashinasini kim yaratgan?
Tikuv mashinasi haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Aytishlaricha, qaysidir bir sayyoh taqdir taqozosi bilan sivilizatsiyadan uzoq boʻlgan eng chekka joylardan biriga tushib qolgan va u yerdagi mahalliy qabila boshligʻining uyida tikuv mashinasini koʻrish uni juda ajablantirgan! Mahalliy aholi uni qandaydir ravishda yaqin atrofdagi oq tanlilar manzilgohidan qoʻlga kiritgan.

Tikuvchilik inson hayotida shunchalik muhim oʻrin tutadiki, bu ishni yengillashtiradigan biron bir mashinani ixtiro qilmaslik mumkin emas edi. Masala faqat kim buni birinchi boʻlib bajarishida qolgandi. Tikuv mashinasining kashf etilish tarixi dramatik va qaysidir ma’noda fojiali voqealarga boy. Birinchi tikuv mashinasi ingliz ixtirochisi Tomas Seynt tomonidan yaratilgan. 1790-yilda u zamonaviy mashinalarning koʻplab xususiyatlariga ega boʻlgan qurilmani patentladi¹. Mashina asosan charm bilan ishlashga moʻljallangan edi, lekin undan hech kim foydalanmadi va ixtirochi undan umuman foyda koʻrmadi.

1830-yilda kambagʻal fransuz tikuvchisi Bartelemi Timonye zamonaviy modelga ancha oʻxshashroq tikuv mashinasini ixtiro qildi. Undan Fransiyada foydalana boshlashdi, ammo ishini yoʻqotishdan qoʻrqqan, gʻazablangan ishchilar olomoni zavodni vayron qilib, mashinalarni sindirib tashlashadi. Timonye qashshoqlikda vafot etdi.

Deyarli oʻsha vaqtda Nyu-Yorkda Valter Xant egilgan ignasining uchida teshikka ega boʻlgan tikuv mashinasini ixtiro qildi. Ushbu igna mato orqali ipni oʻtkazib ikkinchi ipni ilib olgan va “moqining choki” deb ataladigan ilmoqni hosil qilgan. Lekin Xant patent olishga muvaffaq boʻlolmadi.

Foydalanishga topshirilgan birinchi tikuv mashinasi uchun patent olish sharafi Elias Xouga tegishli. 1851-yilda Qoʻshma Shtatlarda Isaak Singer ham oʻz tikuv mashinasini patentlagan. Singer va Xou oʻrtasida birinchilik uchun kurash boshlandi va unda Xou gʻalaba qozonishga muvaffaq boʻldi. Natijada u oʻsha paytda ishlab chiqarilgan va sotilgan deyarli har bir turdagi tikuv mashinalaridan ulush olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Albatta, bugungi kunda minglab turdagi tikuv mashinalari mavjud, ular orasida charm, fetr shlyapa va koʻrpa tikadigan, tugma qadaydigan hamda boshqa koʻplab maqsadlar uchun ishlatiladigan maxsus tikuv mashinalari bor.


[1] Patentlash — biror-bir ixtironi davlat patent idorasidan mualliflik huquqlarini oʻz ichiga olgan holda roʻyxatdan oʻtkazish.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!