Biz nega terlaymiz?
Terlash nima?
2 min
Inson organizmi

Tanani doimo ishlab turadigan “oʻchoq” deb hisoblash mumkin. Biz isteʼmol qiladigan oziq-ovqat — bu tana “yoqadigan yoqilgʻi”. Ushbu jarayonda har kuni tanada 2500 kaloriya sarflanadi. Bu 23 litr suvni qaynatish uchun yetarli energiya degani! Tanadagi bu issiqlik bilan nima sodir boʻladi? Agar tanada harorat regulyatorlari boʻlmaganida, biz oʻzimizni bugʻ qozonlari kabi his qilgan boʻlardik. Ammo maʼlumki, tana harorati koʻtarilmaydi (agar biz kasal boʻlmasak) va oʻrtacha 37 daraja atrofida boʻladi.

Terlash bizning “oʻchogʻimizni” normal haroratda saqlash usullaridan biridir. Bizning tana haroratimiz miyadagi “harorat markazi” deb nomlanuvchi qism tomonidan tartibga solinadi. U uch qismdan iborat: nazorat, isitish va sovutish markazi.

Tasavvur qiling, qon harorati biror sababga koʻra pasaya boshladi. Shunda isitish markazi ishga tushadi. Uning buyrugʻi bilan maxsus bezlar “yoqish” uchun koʻproq kimyoviy moddalarni ishlab chiqarishni boshlaydi, mushaklar va jigar — koʻproq “yoqilgʻi” sarflaydi va tez orada bizning ichki haroratimiz koʻtariladi. Agar tana harorati, aksincha, biror sababga koʻra koʻtarilsa-chi? Bu holatda sovutish markazi ishga tushiriladi. Oksidlanish yoki yoqilgʻini sarflash jarayoni sekinlashtiriladi. Shuningdek, yana bir muhim hodisa roʻy beradi. Ortiqcha issiqlik chiqib ketishi va ter osonroq bugʻlanishi uchun teridagi teshiklar kengayadi.

Bugʻlanayotgan suyuqlik issiqlikni olib ketadi. Masalan, hammomdan keyin biz sovqotamiz, chunki iliq terimiz ustidagi suv tez bugʻlanadi va bizni sovutadi. Shunday qilib, terlash tanani sovutish jarayonining bir qismi ekan.

Ter tanani ichkaridan sugʻoradigan yomgʻirga oʻxshaydi. Suyuqlik teridagi millionlab kichik teshikchalardan mayda tomchilar shaklida oqib chiqadi. Kerak boʻlganda bu mayda tomchilar juda tez bugʻlanib, tanani sovutishi mumkin.

Namgarchilik yuqori kunlarda biz qiynalamiz, chunki terimizdagi suv osongina bugʻlanib keta olmaydi. Shuning uchun biz nam havoni tarqatish va terimizning bugʻlanishini osonlashtirish uchun ventilyatorlardan foydalanamiz. Qaynoq yoz kunlarini esa chillachi — konditsionersiz hatto tasavvur qilishga qoʻrqadi odam.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!