Bizga tuz nega kerak?

Inson tanasida taxminan 47 litr suv mavjud. Maʼlum boʻlishicha, bizning koʻplab aʼzolarimizda hayratlanarli darajada koʻp suv bor ekan. Masalan, mushaklar 75%, jigar 70%, miya 79% va buyraklar 83% suvdan iborat.

Ammo tananing bu suyuqligi toza suv emas. Aslida, bu tuz eritmasi. Nega bunday? Bir ilmiy nazariyaga koʻra, yer yuzida yashovchi barcha hayvonlar, shu jumladan odamlar ham dengizda paydo boʻlgan va hayot kechirgan organizmlarning avlodlaridir. Ushbu jonzotlarning tana suyuqligi dengiz suvi boʻlgan.

Quruqlikka koʻchib oʻtgandan keyin ham ular dengiz suvini tana suyuqligi sifatida saqlab qolishgan. Ammo yer tabiiy shaklda yetarli miqdordagi tuzni bera olmaydi. Tuz suvda eriganligi sababli tuproqdagi tuzning katta qismi yomgʻir suvi bilan daryo, dengiz va okeanlarga yuvilib ketadi. Natijada, yer yuzida oʻsadigan oʻsimliklarda yetarli miqdordagi tuz boʻlmaydi.

Shuning uchun oʻsimliklarni isteʼmol qiladigan hayvonlar tuzga muhtoj. Tana har kuni maʼlum miqdordagi tuzga ega suyuqlikni yoʻqotadi va oʻsimliklardan tayyorlangan ozuqa ularning oʻrnini toʻldirolmaydi. Boshqa hayvonlar bilan oziqlanadigan hayvonlarga qoʻshimcha tuz kerak emas. Ular kerakli tuzni qurbonlarining tanasidan olishadi. Bu odamlarga ham tegishli. Masalan, eskimoslar asosan goʻsht bilan oziqlanadi, shuning uchun ularning tuzga boʻlgan ehtiyoji juda kam.

Dengizdan uzoqda yashovchi odamlarda tuzga boʻlgan ehtiyoj yuqori boʻladi. Qadimgi Meksikada tuz shu qadar qadrlanganki, u yerda hatto tuz xudosi ham boʻlgan. Qadimgi davrlarda Yevropada bajargan ishlari uchun odamlarga koʻpincha tuz bilan haq toʻlashgan. Inglizcha “salary” (ish haqi) soʻzi “salt” (tuz) dan kelib chiqqan.

Inson tanasida tuz asosan terida toʻplanadi. Agar odam tuzsiz ovqat isteʼmol qilsa, qon turli yoʻllar bilan tuzni yoʻqotadi. Shuning uchun qondagi tuz konsentratsiyasining doimiy balansini taʼminlash uchun teri tuz zaxiralarini qonga oʻtkazishi kerak. Bu koʻpincha teri kasalliklarini oldini olishda yordam beradi. Shu sababli shifokorlar baʼzi kasalliklardan davolanishda koʻpincha tuz kam isteʼmol qilinadigan parhezlarni buyuradilar.

Tuz tanadan asosan buyraklar orqali chiqariladi. Kishining buyraklari kasal boʻlganida ularga ortiqcha bosim tushirmaslik uchun unga tuz miqdori kam boʻlgan parhez buyuriladi.

Dunyodagi eng shirin narsa — bu tuz ekanidan xabaringiz bormi? Chunki tuz boʻlmasa, har qanday ovqatda taʼm boʻlmaydi. Dunyodagi hech bir inson esa bemaza ovqat yeyishni xohlamaydi. Shundaymi?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!