Eynshteynning nisbiylik nazariyasi nima?

Ushbu nazariya nashr etilganda uni butun dunyoda faqat barmoq bilan sanarli olimlargina tushuna oladi deb hisoblashgan. Shuning uchun ham biz uning texnik xususiyatlarini taqdim etishga harakat qilmaymiz. Biroq Eynshteyn nima bilan shugʻullangani va qanday muammolarni oʻrganganini bilish foydali boʻladi.

Biz har qanday harakat “nisbiy” ekanini bilamiz. Yaʼni bu uni biror narsaga nisbatan oʻlchash mumkinligini anglatadi. Tasavvur qilaylik, poyezd vagonidagi derazadan qarab ketyapmiz. Deraza ortida lipillab oʻtayotgan narsalarga qarab, poyezd harakatlanayotganini bilamiz. Ammo qarshingizda oʻtirgan yoʻlovchiga nisbatan siz oʻz joyingizda qolaverasiz.

Shuning uchun ham harakatning mavjudligini harakatsiz narsaga nisbatan aniqlash mumkin. Bu Eynshteyn nazariyasining birinchi qismi. Biz uni quyidagicha taʼriflashimiz mumkin: jismning koinotdagi doimiy tezlik bilan harakatini boshqa obyektlarga qiyoslamay aniqlash mumkin emas.

Eynshteyn nazariyasining ikkinchi asosiy qoidasi shundan iboratki, koinotdagi yagona oʻzgarmas narsa bu yorugʻlik tezligidir. Bizga uning tezligi maʼlum — taxminan 300 000 km/soat. Ammo bu oʻzgarmas miqdor ekanini tasavvur qilish qiyin. Sababi agar mashina soatiga 100 km tezlikda harakat qilayotgan boʻlsa, demak, uning harakatsiz kuzatuvchiga nisbatan tezligi soatiga 100 km. Agar birinchi mashina 60 km/soat tezlikda harakatlanayotgan ikkinchi mashinani quvib oʻtsa, bu birinchisining tezligi ikkinchisiga nisbatan 40 km/soat yuqori ekanini anglatadi. Agar ikkinchi mashina qarama-qarshi yoʻnalishda kelayotgan boʻlsa, ularning uchrashish nuqtasidagi umumiy tezligi soatiga 160 km ni tashkil qiladi.

Shunday qilib, Eynshteyn nazariyasiga koʻra, agar yorugʻlik nurining harakatlanish tezligini xuddi shu tarzda oʻlchaydigan boʻlsak (masalan, biz bir yoʻnalishda harakat qilamiz va yorugʻlik nuri esa aksincha — qarama-qarshi yoʻnalishda), uning tezligi oʻzgarishsiz — taxminan 300 ming km/sekund boʻlib qoladi. Bu Eynshteynning nisbiylik nazariyasi haqida faqat umumiy tasavvur beradi. Bundan tashqari, u massa va energiya bilan bogʻliq masalalarni oʻrgangan va bir holatning boshqasiga oʻtish usullari ustida izlanishlar olib borgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!