Skotland-Yard nima?
Skotland-Yard Britaniya politsiya xizmatimi? Skotland-Yard vazifalariga nimalar kiradi?
2 min
Bu nima?

“Sherlok Xolms” asarini oʻqigan yoki televizorda koʻrgan har bir kishi Skotland-Yard haqida bir marta boʻlsa ham eshitgan. Bu soʻz qulogʻimizga chalinganda koʻz oʻngimizda jinoyatchilarga qarshi murosasiz kurash olib boradigan formadagi tajribali politsiyachining qiyofasi gavdalanadi.

Skotland-Yard — Buyuk Britaniyada eng yirik muassasa boʻlgan Metropoliya politsiyasining shtab-kvartirasi (asosiy ofis). Boʻlimda London va uning atrofidagi 6 750 000 kishi yashovchi 787 kvadrat kilometrga teng hududga masʼul boʻlgan 27 000 kishi ishlaydi.

Skotland-Yard poytaxtni politsiya va tergovchilar bilan taʼminlashdan tashqari boshqa vazifalarni ham bajaradi. Qiziq tomoni, haydovchilik guvohnomasini ham aynan shu tashkilot beradi, Londonda transport, taksi va avtobus parklarini hamda haydovchilarni nazorat qiladi. Shuningdek, Skotland-Yard fuqarolik mudofaasi, binolardan foydalanish qoidalarining bajarilishi, yoʻqolgan narsalarni qidirish, chet elliklarni roʻyxatga olish bilan ham shugʻullanadi. Qolaversa, butun mamlakat boʻylab tergov bayonnomalarini yuritadi, ammo viloyat politsiyasining maxsus ruxsati olinmaguncha boshqa tumanlardagi sud ishlariga aralashmaydi.

Skotland-Yardning tarixi juda qiziq. Taxminan ming yil oldin ingliz qiroli Edgar Shotlandiya qiroli Kennetga Londondagi Vestminster saroyi yonida bir parcha yer bergan. U qirol Kennetdan bu joyda qarorgoh qurishini va Angliya qirolligiga hurmat bajo keltirish uchun har yili uning huzuriga tashrif buyurishini talab qilgan.

Qirol Kennet oʻzi uchun saroy qurib, Angliyaga kelganida u yerda yashagan. Saroy Shotlandiya qirollarining mulki boʻlib qolgan va uning hududi deb hisoblangan.

1603-yilda qirolicha Yelizaveta vafot etganidan soʻng Shotlandiya qiroli Jeyms VI Angliya va Shotlandiya qiroli boʻldi, natijada saroy asl mohiyatini yoʻqotdi. U ikki qismga boʻlingan: birinchisini “Katta Skotland-yard”, ikkinchisini esa “Oʻrta Skotland-Yard” deb nomlashgan. Ulardan hukumat binolari sifatida foydalana boshlangan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Skodland-Yard nafaqat jinoiy tergovlarni amalga oshiruvchi, balki jamoat tartibini saqlash, haydovchilik guvohnomalarini berish va yana bir qator vazifalarni bajarishga masʼul koʻp funksiyali katta tashkilot binosi hisoblanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!