Sirk qanday paydo bo‘lgan?
Sirk qanday paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Agar bironta bolakayga sirk boʻlmagan paytlar haqida aytsangiz, u sizni aldoqchiga chiqaradi. Sirkni deyarli hamma juda yaxshi koʻradi va u bilan bogʻliq afsonalar shunchalik koʻpki, uning qachondir mavjud boʻlmaganiga ishonish qiyin.

Birinchi sirklar hammamizga tanish boʻlgan zamonaviy tomoshalardan mutlaqo farq qilgan. Ular qadimgi Rimda boʻlib, chiqishlarini “Sirkus Maksimus” deb nomlangan katta maydonda namoyish etishgan. Balki aynan shu maydon nomidan “sirk” soʻzi kelib chiqqandir. Eng diqqatga sazovor tomosha — aravalar poygasi boʻlgan. Ular orasidagi tanaffusda esa akrobatlar, dorbozlar va chavandozlar olomonga oʻz tomoshalarini koʻrsatishgan.

Bugungi kunda bizga maʼlum boʻlgan sirk XVIII asrning boshlarida Angliyada oʻtkazilgan furgon tomoshalaridan kelib chiqqan. Akrobat va sehrgarlar truppalari (ijodiy jamoa) kiyim almashtirishi uchun foydalanilgan furgonlarda bir shahardan ikkinchisiga sayohat qilib yurishgan. Ular katta va kichik shaharlarning yarmarka hamda bozorlarida oʻz chiqishlarini namoyish etishgan.

Toʻlov aniq miqdorda tayinlanmagan, lekin har bir tomoshadan soʻng sirk sohibi pul yigʻish uchun bosh kiyimini qoʻlida tutib tomoshabinlarni aylanib chiqqan.

Qoʻshma Shtatlarning birinchi sirkini Bill Rikkets degan odam XVIII asrning oxirida Filadelfiya va Nyu-Yorkdagi tomoshabinlarga taqdim etgan. Bu juda kichik, ammo ancha mashhur sirk jamoasi boʻlgan va hatto Jorj Vashington ham uning baʼzi tomoshlariga tashrif buyurgan.

XIX asrning birinchi yarmida AQShda koʻplab sirklar paydo boʻlgan. Ular mamlakat boʻylab furgonlarda sayohat qilib, faqat kunduzi tomoshalar berishgan, chunki kechqurun arenani yoritishning iloji boʻlmagan. Oʻsha paytda 9 ot va 7 kishi toʻliq truppa hisoblangan. Orkestr sharmanka, klarnet (musiqiy asboblar) va katta doʻmbiradan iborat boʻlgan.

Taxminan 1860-yilda sirk bugungi shaklga kela boshlagan. Soyabonlar odatiy holga aylangan, markaziy ustun atrofidagi romga oʻrnatilgan shamlar kechqurun ham tomosha koʻrsatish imkonini bergan, ijrochilar va hayvonlar soni koʻpayib, doimiy ravishda yangi chiqishlar qoʻshilib borgan. Nihoyat, Fineyas Barnum paydo boʻldi va oʻz sirki bilan butun mamlakatni temir yoʻl orqali aylana boshladi. Shunday qilib, “Yer yuzidagi eng buyuk shou” yaraldi!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!