Kumush nima?
Sterling kumushi haqida eshitganmisiz? Kumush nima?
3 min
Bu nima?

Kumush qadimgi davrlardan beri qazib olinayotgan metall hisoblanadi. Yevropada qirollarning boyligiga xazinasidagi kumush miqdoriga qarab baho berilgan. Ispaniya konlaridagi kumush tugashi arafasida Amerikaning kashf etilgani haqidagi xabardan mamlakat qiroli behad xursand boʻlgan: axir bu eng boy kumush rudalariga¹ ega boʻlgan Meksika va Peruga yoʻl ochilganini anglatar edi. 250 yil davomida Ispaniya qirollari Perudagi Potosi konidan har yili 4 million dollarlik kumush qazib olishgan.

Kaliforniyadagi oltin talvasasi davrida tilla izlovchilar oltinga boy jinslar atrofida uchraydigan “qora yer”dan norozi boʻlib, shikoyat qilishgan. Keyinchalik maʼlum hodisa uning tarkibida kumush boʻlgan ruda ekanligini aniqlashga yordam bergan.

Kumush eng keng tarqalgan metallardan biridir. Baʼzan ushbu metall sof holatda ham uchraydi, hatto Norvegiyada ogʻirligi 750 kg boʻlgan sof kumush topilgan! Odatda, bu ruda boʻlib, undan metallni ajratib olish kerak boʻladi.

Bunday rudada kumush oltingugurt bilan birga kumush sulfid hosil qiladi yoki mis, qoʻrgʻoshin va mishyaklarning sulfidi kabi boshqa moddalarning bir qismi boʻladi. AQShda kumush, odatda, qoʻrgʻoshin birikmasida qazib olinadi. Kumush turli metallar bilan birikmalar hosil qilgani sababli uni qoʻshimcha elementlardan ajratishning koʻplab usullari mavjud.

Hozirgi kunda dunyo boʻylab yiliga qariyb 850 500 kilogramm sof kumush qazib olinmoqda. Asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlar — Meksika, AQSh va Kanada.

Kumush — yumshoq metall, shuning uchun koʻpincha boshqa metallar bilan birgalikda ishlatiladi. Masalan, kumush tangalar 90% kumushdan va 10% misdan iborat. Zargarlik buyumlari va ovqatlanish anjomlari uchun moʻljallangan narsalar tarkibida 92,5% kumush va 7,5% mis boʻladi.

“Sterling” kumushi haqida eshitganmisiz? Bu taʼrif oʻziga xos va qiziqarli tarixga ega. U Shimoliy Germaniyada yashagan Isterlinglar oilasidan kelib chiqqan. Bu oila halolligi bilan tanilgani sababli Angliya qiroli Jon 1215-yilda ularga milliy metall tangalar yasashni buyurgan. Vazifa shu qadar aʼlo darajada bajarilganki, ularning nomi bugungi kunda ham eng yuqori darajadagi ishonchni anglatadi. Sterling kumushiga mamlakatga qarab maxsus “sterling” soʻzi yozilgan tamgʻa uriladi yoki maʼlum bir belgi qoʻyiladi.

Sof kumush havoda qoraymaydi. Agar qoraysa, demak, havoda oltingugurt mavjud boʻladi, bunday holat havo ifloslanganda yoki yaqin atrofda neft qazib olish konlari boʻlganda sodir boʻladi. Ishlov berish jarayoni oson boʻlgan metallar orasida kumush oltindan keyingi 2-oʻrinda turadi. Oʻttiz gramm kumushdan uzunligi 50 km dan ortiq sim tortish mumkin. Shuningdek, issiqlik va elektr oʻtkazgichlarni yasash uchun eng yaxshi materiallardan biri ham aynan kumush hisoblanadi.

Demak, nafaqat oltin, balki kumushdan ham juda koʻp sohalarda asosiy xomashyo sifatida foydalanilar ekan. Shunday ekan, deb kumush medallaringizni sotib yubormang-a yana.


[1] Ruda — tarkibida metall va uning birikmalari boʻlgan tabiiy mineral xomashyo.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!