Antibiotiklar nima?
Antibiotiklar nima? Antibiotiklar haqida ma'lumot
2 min
Bu nima?

Antibiotiklar — yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash uchun ishlatiladigan dorilar. “Anti” — “qarshi”, “biotik” esa “hayot” degan maʼnoni anglatadi. Ular faqat maʼlum hayot shakllari, yaʼni kasalliklarni keltirib chiqaradigan bakteriyalarni nobud qiladi. Ammo bu moddalarning oʻzi bakteriyalar, turli xil birikmalar va yirikroq oʻsimliklar kabi tirik organizmlar asosida yaratilgan.

1928-yilda ser Aleksandr Flemming penitsillinni kashf etgach, antibiotiklarni ishlab chiqarish boshlangan. Uning kashfiyoti boshqa olimlar tomonidan tadqiq qilinib, yangi antibiotiklar kashf etilishiga sabab boʻldi. Yuqumli bakteriyalarga qarshi kurashda qoʻllanadigan moddalarni ishlab chiqara oladigan mikroorganizmlarni topish uchun dunyo boʻylab tuproq namunalari oʻrganildi. Natijada, bugungi kunda tarkibida penitsillin, streptomitsin, aeromitsin, terramitsin boʻlgan koʻplab antibiotiklar mavjud. Ularning baʼzilari kasallik keltirib chiqaruvchi bakteriyalarga taʼsir qilishdan tashqari tana uchun ham zaharli hisoblanadi.

Antibiotik bakteriya oʻsishini qay tarzda toʻxtatishi hali toʻliq aniqlanmagan. Ular bakteriyalarning oʻsishi uchun zarur boʻlgan ozuqa moddalarga toʻsqinlik qiladi.

Har bir infeksiya uchun oʻziga xos antibiotik yaratiladi. Baʼzi bemorlarda ayrim antibiotiklarga nisbatan sezgirlik (allergiya) mavjud. Bu eshak yemi¹, astma yoki boshqa jiddiyroq kasallikka olib kelishi mumkin.

Ayrim hollarda antibiotiklar bilan davolash uzoq vaqt talab etadi, baʼzida esa profilaktika (oldini olish) maqsadida qoʻllanadi. Antibiotiklar paydo boʻlishi bilan infeksiyalarning oʻlimga olib kelish ehtimoli ancha kamayadi. Aynan shu moddalar tufayli endilikda yuqumli kasalliklar inson hayotiga tahdid sololmaydi.


[1] Eshak yemi — teri, baʼzan shilliq qavatlarga toshmalar toshishi bilan kechadigan kasallik.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!