Tibbiyot qanday paydo bo‘lgan?
Tibbiyot vatani qayer? Tibbiyot qanday rivojlangan?
2 min
Tarix

Insonlarni turli kasalliklardan davolash uchun bizga tibbiyot kerak. Kasalliklarni davolashning koʻplab usullari mavjudligini bilasiz. Mabodo, siz yoki ota-onangiz kasal boʻlib qolsa, shifokorni chaqirasiz va davolash uchun u ilm-fan aniqlagan ma’lumotlar bilan birgalikda oʻzidagi barcha bilim va tajribalarini qoʻllaydi. 

Tibbiyot fanga aylanguniga qadar odamlar xalq tabobatidan foydalanganlar. Ibtidoiy odamlar kasalliklarni juda gʻalati sabablar bilan izohlashgan, shuning uchun ularni sehr va shifo keltiradigandek tuyulgan boshqa vositalar bilan davolashgan. U davrdagi odamlar issiq va sovuq, qon olish, massaj, shuningdek, dorivor oʻsimlik vositalarini davo sifatida qoʻllashgan.

Qadimgi davrda Misr tibbiyoti eng samarali deb hisoblangan hamda qadimgi afsun va sehr-jodularga asoslangan edi. Odamlar har xil malham va dori-darmonlardan foydalanganlar: asal, tuz, kedr yogʻi, miya, jigar, yurak va turli hayvonlarning qoni ishlatilgan. Baʼzan bu vositalar yordam bergan, baʼzan esa yoʻq.

Ilmiy tibbiyot esa qadimgi Yunonistonda paydo boʻlgan. 2000 yil oldin Gippokrat ismli olim tibbiy bilimlarni “Gippokrat toʻplamlari” asarida jamlagan. Bu kitob ilmiy tibbiyotga asos soldi, chunki unda tashxis qoʻyishdan oldin bemorni tekshirish zarurligi asoslangan edi.

Uning kitobida kasalliklar alomatlari va ularning qanday kechishi tavsiflangan. Ilk bor davolash jarayonida sehrga tayanish oʻrniga, bemor tekshirilib, kasallik oʻrganilgandan soʻng, oldingi kasallar tajribasi asosida amalga oshirilgan. Zamonaviy tibbiyot ham xuddi shu tamoyillarga asoslanadi.

Endi qoʻrqmasdan shifokorga borib, zamonaviy tibbiyot qanday paydo boʻlgani haqida aytib berishingiz mumkin. Balki aqlli bola ekaningizni koʻrib, sizga shirin dorilar yozib bersa ham ajab emas.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!