Shamollash nima?
Nega odam shamollaydi?
2 min
Bu nima?

Shubhasiz, hammamiz shamollash haqida bilamiz va uni boshimizdan oʻtkazganmiz. U — odamni nafaqat tez-tez bezovta qiladigan kasalliklardan biri, balki eng sirli turi hisoblanadi.

Amerikaliklarning 90 foizidan ortigʻi har yili shamollashni boshdan kechiradi va ularning yarmidan koʻpi bir necha martadan koʻp kasallanadi. Ehtimol, siz shamollash alomatlarini har qanday shifokor kabi yaxshi bilaman, deb oʻylarsiz. Burningiz oqadi, koʻp aksirasiz, tomogʻingiz ogʻrib qichisha boshlaydi, baʼzida bosh ogʻrigʻi kuzatiladi. Keyinchalik yoʻtal va isitma paydo boʻladi.

Kattalardagi shamollash kamdan-kam hollarda jiddiy boʻladi. Ammo bolalardagi bu belgilar aslida qizamiq yoki difteriya¹ kabi jiddiy kasalliklarning birinchi alomatlari boʻlishi mumkin. Shuning uchun ham shamollagan bolalar, albatta, shifokor nazorati ostida boʻlishi kerak.

Shamollashning rivojlanishi 1–3 kungacha davom etadi va uch bosqichga boʻlinadi. Birinchisi “quruq” deb nomlanadi va u unchalik uzoq choʻzilmaydi. Burun bitadi, tomoq qichiy boshlaydi va koʻzlar yoshlanadi. Ikkinchi bosqichda esa burun oqishi kuzatiladi. Nihoyat, yoʻtal va isitma paydo boʻladi.

Endi sirli holat haqida batafsil toʻxtalamiz. Shamollash nima va unga nima sabab boʻladi? Biz buni yuqori nafas yoʻllarining oʻtkir yalligʻlanishi deb taʼriflashimiz mumkin. Ammo tibbiyot oddiy shamollashning sababi nima ekanini bilmaydi! Rostan bilmaydi!

Kasallik maʼlum bir virus tufayli kelib chiqadi, degan taxmin bor. Ammo qiziq tarafi — virus tomogʻimizda doimiy boʻlib, tanamizning qarshiligi pasaygandagina hujumga oʻtar ekan. Xuddi shu holat tomoqda joylashgan boshqa bakteriyalar bilan ham sodir boʻladi. Shunday qilib, shamollash virusi bizni zaiflashtiradi, boshqalari esa yuqtiradi.

Shamollamaslikning eng yaxshi usuli — tana qarshiligini yuqori darajada ushlab turish. Yaʼni yaxshi ovqatlanish, yetarlicha dam olish, ob-havo sharoitiga koʻra kiyinish va shamollagan odamlar bilan muloqot qilmaslik.


[1] Difteriya (yunonchadan “diptherien” — parda, et), boʻgʻma — asosan hiqildoq, tomoq shilliq pardalarining yalligʻlanishi va aʼzolarning zararlanishi bilan kechadigan oʻtkir infeksion kasallik.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!