Nega buloqdan suv oqib chiqadi?

Buloqlardan oqib chiqadigan suv bir vaqtlar yomgʻir shaklida yerga tushgan. Yomgʻir suvi yerga singib, yoriqlar orqali toshloq tuproqqa kirib boradi. Albatta, suvning bir qismi yer yuzida qolib, havoga bugʻlanadi va oʻsimliklarning ildiz tizimi orqali soʻriladi. Qolgan suv ogʻirlik kuchi taʼsirida toshloq tuproq imkon berganicha pastga tushadi. Yer qaʼrining turli xil chuqurliklarida toshloq tuproq boʻshliqlari suv bilan toʻlgan joylar mavjud. Bunday joylar “yerosti suvlari hududi” deb ataladi. Bunday suvlarning yuqori sathi “suv sathi” (yerning nam saqlaydigan qatlami chegarasi) deb nomlanadi.

Buloq suvning chiqishi uchun suv qatlami sathidan pastda tabiiy teshik hosil boʻladi. Shuning uchun koʻp buloqlar vodiylar yoki past joylarda joylashgan. Yerosti suvlari buloqlar orqali toshloqdagi boʻshliqlar yoki shunga oʻxshash pasttekisliklarning yonbagʻirlari boʻylab oqadi. Buloq ham ogʻirlik kuchiga boʻysunadi: suv yuqoridan pastga qarab oqadi.

Ayrim buloqlarning suv manbai — yerning nam saqlaydigan qatlami. Ular yil davomida faol va “doimiy” deb ataladi. Boshqa buloqlarni suv sathi bilan bogʻlovchi kanal ushbu qatlamning yuqori suv sathiga yaqin joylashgan. Bunday buloqlar faqat yomgʻir yogʻib, suv sathi koʻtarilganda faollashadi. Ular “pulsatsiyalanuvchi” deb nomlanadi.

Buloq suvi yerostidagi toshloq tuproqdan oʻtgani uchun uning tarkibida oltingugurt va ohak kabi baʼzi minerallar boʻladi. Suvi katta miqdordagi mineral tuzlarga boy chashmalar mineral buloqlar deyiladi.

Baʼzi hududlarda, ayniqsa, vulqon faol boʻlgan joylarda, suv qizigan yerosti jinslariga yaqin boʻlishi mumkin. Bunday chashmalar “termal” buloqlar deb ataladi.

Artezian qudugʻi¹ chashmadan farq qiladi. Bunday quduqdagi yomgʻir suvi ikki butun qoyatosh jinslar qatlami oʻrtasidagi gʻovak jinslar qatlamiga yetguncha pastga tushadi. Bu suv har tomondan bosim ostida boʻladi va quduq qazilganda kuch bilan tashqariga otilib chiqadi. Suv yerga singgadigan joydan pastroq nuqtada tuproqni burgʻilash (qazish) kerak.


[1] Artezian qudugʻi — yerosti suvlari chiqadigan burgʻi qudugʻi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!