20.02.2024
Fazoga 5 kilometr baland chiqib, keyin 3 metrli toʻsiqdan pastga sakrab tushgandek yerga xotirjam qoʻnishni tasavvur qiling-a?! Siz shunday qilgan boʻlarmidingiz? Albatta, parashyut bilan! Parashyut — havo qarshiligini yaratadigan katta soyabon. Yerga qoʻnganda lat yeyishining oldini olish uchun odam parashyut bilan havoda yetarli darajada sekin tushishi mumkin.
Ehtimol, parashyut odam bilan uchadigan eng qadimgi uchish moslamasi gʻoyasidir. Leonardo da Vinchi 1514-yilda daftariga parashyutning xomaki chizmasini tushirgan. Fausto Veranzio 1595-yilda ishga layoqatli parashyut taʼrifi haqida yozma ishlarini nashr etgan. Parashyutni ilk bor amalda qoʻllagan odam fransuz Jan-Pyer Fransua Blanshar hisoblanadi. 1785-yilda u parashyut bogʻlangan savatdagi itni havo sharidan tashladi. 1793-yil Blanshar oʻzi ham parashyutda havo sharidan sakrab qoʻnish paytida oyogʻini sindirib olganini taʼkidlagan.
Boshqa bir fransuz Andre-Jak Garneri parashyutdan muntazam foydalanishni boshlagan ilk inson sifatida tarixda qolgan. U 1797-yil 22-oktabr kuni Parijda birinchi marta parashyutda sakrashni namoyish etganda 600 metrdan yuqori balandlikdan muvaffaqiyatli qoʻnadi. Garnerining parashyuti soyabon shaklida boʻlib, oq brezentdan yasalgan va diametri taxminan 7 metr edi. Gumbaz osti markazida kesimi taxminan 25 santimetrli disk shaklidagi yogʻoch boʻlagi va uning oʻrtasida havo oʻtadigan teshik boʻlgan. Disk brezentga koʻplab qisqa tasmalar bilan biriktirilgan.
Birinchi marta samolyotdan parashyutda muvaffaqiyatli sakrash 1912-yil AQShning Missuri shtatining Sent-Luis shahrida kapitan Berri tomonidan amalga oshirilgan. 1913–1914-yillar davomida favqulodda vaziyatlarda omon qolish uchun samolyotlardan sakrashda parashyutlardan foydalanish kerakligi haqida munozaralar boʻlib oʻtgan. 1914-yilgi 1-jahon urushi boshida bu masala hali hal qilinmagan edi. Muammolar qisman parashyutning kattaligi, shuningdek, odamlar parashyutda sakrab samolyot bilan toʻqnashuvdan qochib qutula olmasligi xavotirlari bilan bogʻliq edi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.