20.02.2024
Insonning gapirish qobiliyati, asosan, halqumning tuzilishi bilan bogʻliq. Halqum — shakli qutiga oʻxshash, ichi boʻsh aʼzo. Aslida bu nafas olish halqumining kengayadigan qismidir. Ichki tomondan shilliq qavat bilan qoplangan togʻay ushbu “quti”ning devorlari hisoblanadi.
Maʼlum bir joyda bu shilliq qavat ikki tarafdan ham qalinlashadi va markazga qarab yoʻnaladi. Bu tovush paylaridir. Har bir pay koʻplab kichik mushaklar yordamida harakatlanadi. Oʻpkadan chiqayotgan havo bu paylarning tebranishiga olib keladi va tovush hosil boʻladi.
Lekin aynan tovushlar qanday paydo boʻladi? Bu tovush paylarining joylashuvi va tarangligiga bogʻliq. Ularni boshqaradigan mushak tizimi butun tanamizdagi eng taʼsirchan aʼzo hisoblanadi. U biz talaffuz qiladigan barcha tovushlarning yaratilishiga imkon beradi. Tovush paylari oʻrtacha 170 xil holatda ishlashi mumkin.
Tovush paylari tebranganida havo yoʻllaridagi havo ustuni titray boshlaydi. Aslida biz shu tebranishlarni eshitamiz. Agar tovush paylari tarang boʻlmasa, uzun toʻlqinlar hosil boʻladi va biz past ohanglarni eshitamiz. Agar tarang boʻlsa, ular tez tebranib, qisqa toʻlqinlar va baland tovushlar hosil qiladi. Oʻgʻil bolalar oʻn toʻrt yoshga toʻlganda ularning tovush paylari va halqumlari qalinlashadi, natijada ovoz pasayadi. Ushbu hodisa “ovoz oʻzgarishi” deb ataladi.
Shunday qilib, ovoz balandligini tovush paylarini taranglashtirish orqali sozlashimiz mumkin. Ohangni-chi? Maʼlum boʻlishicha, xuddi skripka ohangi butun asbobning tebranishidan shakllangani kabi bu ham aks-sado beradigan boʻshliqqa bogʻliq. Gapirish yoki qoʻshiq aytish vaqtida nafas olish halqumi, oʻpka, koʻkrak qafasi, ogʻiz va burun kabi aʼzolar ishlaydi. Ulardagi havo tebranishlari turli ohanglarni yaratishga yordam beradi.
Lekin bu hali hammasi emas. Tovush hosil qilishda qorin, qovurgʻalar, diafragma¹, til, tanglay² va lablar ham ishtirok etadi. Shuning uchun gapirish jarayonini juda murakkab va mukammal musiqa asbobini chalish bilan taqqoslash mumkin. Biz bu “ijro”ni bolaligimizdan oʻrganamiz va u bilan butun hayotimiz davomida shugʻullanamiz.
[1] Diafragma — sutemizuvchilar va odamlarda koʻkrak qafasini qorin boʻshligʻidan ajratib turadigan, muskul-paydan iborat parda, toʻsiq.
[2] Tanglay — ogʻiz boʻshligʻining yuqori devori.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.