G‘orlar qanday paydo bo‘lgan?

Gʻorlar azaldan insoniyat taraqqiyotining tarixi bilan bogʻliq. Tosh davrida ham gʻorlar odamlarni qishki sovuqdan saqlagan.

Ammo qadimgi odamlar gʻorlarni turar joy sifatida ishlatishni toʻxtatganidan keyin ular gʻayrioddiy va sirli joy boʻlib qolgan. Yunonlar gʻorlarning Zevs, Pan, Dionisiy va Pluton kabi xudolar butxonalari (ibodatxona) ekaniga ishonishgan. Qadimgi Rimda esa u yerda jodugar ayollar yashaydi, deb ishonishgan. Qadimgi forslar va boshqa xalqlar gʻorlarda yer yuzidagi barcha ruhlarning shohi — Mitras yashaydi, deyishgan.

Bugungi kunda keng va chiroyli gʻorlar sayyohlarni oʻziga jalb qilmoqda. Gʻor — tepalik, togʻlar va qoyalar ichidagi katta boʻshliq.

Gʻorlar turli yoʻllar bilan shakllanadi. Ularning baʼzilari dengiz toʻlqinlarining toshlarga doimiy taʼsiri natijasida hosil boʻlgan. Ayrim gʻorlar suv ostida joylashgan. Ular, odatda, ohaktosh kabi yumshoq jinslarni yuvib ketadigan yerosti suvlari faoliyatidan paydo boʻladi. Bir qator gʻorlar vulqon faoliyati va togʻ jinslarining harakatlanishi yoki issiq lava otilishi natijasida hosil boʻlgan.

AQShdagi gʻorlarning asosiy qismi katta hajmdagi ohaktosh qatlamlarining vayron boʻlishi, ayniqsa, ularga karbonat angidridga toʻyingan suv taʼsirida kelib chiqqan. Indiana, Kentukki va Tennessi shtatlarida qalinligi oʻrtacha 53 metr boʻlgan ohaktosh qatlamida koʻplab gʻorlar paydo boʻlgan.

Baʼzi gʻorlarning shiftida teshiklari bor. Ular bir vaqtlar suv toʻplanib, keyinchalik gʻorga urib kirgan joyda hosil boʻlgan. Ayrim gʻorlardan suv oqib oʻtadi, boshqalarida — gʻor paydo boʻlganidan keyin suv pastga oqib ketadi va quriydi.

Koʻp hollarda gʻor shiftidan tushgan har bir tomchi suvda ohaktosh yoki boshqa mineral zarralari mavjud. Suv bugʻlangach, bu minerallarning bir qismi qoladi xolos. Asta-sekin shiftda sumalakka (yeydigan sumalak emas) oʻxshash osilib turgan stalaktitlar¹ hosil boʻladi. Stalaktitlardan oqib tushadigan suv yerda stalagmitlarni² hosil qiladi.


[1] Stalaktitlar — gʻorlarining shifti va devorlarida naycha yoki uzunchoq muz shaklida oqib tushib qotgan (koʻpincha ohaktoshli) hosilalar.
[2] Stalagmitlar — gʻorlar tubidan va boshqa yerosti karst boʻshliqlaridan konus yoki ustunlar shaklida hosil boʻladigan mineral tuzilmalar.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!