20.02.2024
Oʻsimliklar urugʻlarni sochish orqali tarqaladi. Qushlar oʻzlariga oʻxshaganlar tugʻilishi uchun tuxum bosganidek, oʻsimlik ham oʻziga oʻxshash oʻsimlik yaralishi uchun urugʻ yetishtiradi.
Oʻsimliklarning guli yoki toʻpgullari changlanishi kerak, aks holda, urugʻlar unib chiqmaydi. Urugʻlar toʻliq yetilganidan soʻng dam olish davridan oʻtishi kerak. Uning davomiyligi urugʻ turiga bogʻliq. Baʼzi urugʻlar qishlamaguncha unib chiqmaydi.
Urugʻlarning oʻsishi uchun kislorod, issiqlik, shuningdek, yorugʻlik ham talab qilinadi. Agar maʼlum vaqt ichida urugʻ unib chiqmasa, u nobud boʻladi. Keyinchalik ekiladigan urugʻlarni maʼlum bir haroratda quruq joyda saqlash kerak.
Urugʻlar hajmi, shakli va rangi bilan farqlanadi. Oʻsimliklarning urugʻlari har xil tuzilishga ega. Baʼzi urugʻlarning ichida mayda oʻsimlik bor. Uning atrofida oʻsimlik ildizi va barglari paydo boʻlgunga qadar mustaqil oziqlanishiga imkon beradigan ozuqaviy muhit mavjud boʻladi.
Agar urugʻlar dam olish davridan tirik oʻtib, yetarli namlik, issiqlikda kislorod olsa, unib chiqadi. Ushbu jarayon “unib chiqish” deb nomlanadi. Namlik kerakli miqdorda boʻlganida urugʻlar oʻsa boshlaydi. Urugʻ tanasida boʻrtish sodir boʻlib, kimyoviy oʻzgarishlar boshlanadi. Shu tariqa urugʻ hujayralarida hayot uygʻonadi va undan kichik oʻsimlik paydo boʻladi. Urugʻning asosiy qismi oʻsimlikka aylanadi, uning qobigʻi tushib, oʻsimlik oʻsadi, voyaga yetadi va yangi urugʻlarni yaratadi.
Urugʻlar oʻlchamiga koʻra katta va kichik boʻladi. Begoniya urugʻlari shunchalik maydaki, xuddi changga oʻxshaydi. Kokos palmasi urugʻlari 18 kg gacha boʻladi. Ayrim oʻsimliklarning urugʻi 20 tadan koʻp emas, zarang daraxtida esa minglab urugʻ bor.
Urugʻlar turli yoʻllar bilan tarqaladi. Baʼzilari, masalan, alomatchoy urugʻlari hayvon terisiga yopishgan holda, boshqalari esa hayvon tuyoqlarida loy bilan olib ketilishi mumkin. Mevali daraxt urugʻlari ham odamlar va hayvonlar yordamida tarqaladi. Urugʻlarning bir qismi qanotlarga ega va ularni shamol uchirib ketadi. Boshqalari suv bilan tarqaladi. Eng qizigʻi, oʻsimlik oʻzi otib tarqatadigan urugʻlar ham bor.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.