Taqvim qanday ixtiro qilingan?
Taqvimni kim yaratgan? Taqvim qanday ixtiro qilingan?
3 min
Tarix

Odamzod don yetishtirib, hosil olishni boshlagach, ekin ekish vaqti har yili bir vaqtga toʻgʻri kelishini tushunib yetdi. Odamlar urugʻ ekish paytlari orasida qancha vaqt oʻtishini hisoblay boshlashdi. Bu — odamning yildagi kunlar sonini aniqlash uchun qilgan birinchi urinishi edi.

Qadimgi misrliklar yil davomiyligini birinchi boʻlib yuqori aniqlik bilan topishga erishdilar. Ular Nil toshqinidan keyingi paytni ekish uchun eng yaxshi vaqt ekanini bilishar edi. Kohinlar¹ toshqinlar orasida 12 ta toʻlin oy boʻlishini payqashdi. 12 oyni hisoblab, yangi toshqinning boshlanishini aniqlash mumkin edi.

Ammo bu yetarli darajada aniq emas edi. Shuningdek, kohinlar har yili toshqin boshlanishi bilan taxminan bir vaqtda — quyosh chiqishidan oldin osmonda yorugʻ yulduz paydo boʻlishiga ham eʼtibor berdilar. Ushbu voqealar orasidagi kunlarni sanab chiqishganda 365 kunga teng boʻlgan. Bu hodisa bundan 6 000 yil oldin sodir boʻlgan va ungacha hech kim 1 yilda 365 kun borligini bilmagan. Misrliklar yilni 30 kundan 12 oyga boʻlishgan va yil oxiriga qoʻshimcha 5 kun qoʻshishgan. Shu tariqa birinchi taqvim ixtiro qilingan.

Taqvimlar vaqt oʻtishi bilan yangi oyga (Oy taqvimi) emas, balki Yerning Quyosh atrofida toʻliq aylanishi uchun sarflanadigan kunlar soni — 365,25 kunga (Quyosh taqvimi) asoslanadigan boʻldi. Kunning ortiqcha chorak qismi (0,25) tobora koʻproq xalaqit bera boshladi. Nihoyat, Yuliy Sezar buni tuzatishga qaror qildi. U miloddan avvalgi 46-yilni yigʻilib qolgan kunlar hisobiga 445 kundan iborat, deb “moslashtirishni”, har toʻrtinchi yildan boshqa yillar 365 kundan iborat qilishni buyurdi. Ushbu toʻrtinchi yil oldingi uch yilda yigʻilib qolgan chorak kunlarni hisobga olgan holda 366 kundan iborat — kabisa yili deb hisoblanadigan boʻldi.

Ammo vaqt oʻtishi bilan ular diniy bayramlar (Pasxa va boshqa) har keyingi yilda bir kunga toʻgʻri kelmasligini aniqladilar. Oqibatda, juda koʻp “qoʻshimcha” kunlar qoʻshilib ketayotgandi. Papa Grigoriy XIII farmoni bilan 1582-yil oʻn kunga kamaytirildi. Aniqroq yil hisobini chiqarish uchun asrning soʻnggi yiliga toʻgʻri keladigan va 400 ga boʻlinadigan kabisa yili olinadi. Shuning uchun bunga 1700-, 1800- va 1900-yillar emas, 2000-yil toʻgʻri keldi!

Bu tizim “Gregorian taqvimi” deb nomlanadi. Garchi koʻplab dinlar oʻz maqsadlari uchun turli taqvimlardan foydalansalar ham, deyarli butun dunyo boʻylab Gregorian taqvimi ommalashgan. ?


[1] Kohin — gʻoyibdan xabar beruvchi, bashoratchi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!