20.02.2024
Maktab — maʼlum bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish uchun bir nechta kishi, odatda, bolalar yigʻiladigan joy. Biz maktabning ikkita oʻziga xos xususiyatini qayd etishimiz mumkin: bu — bir vaqtning oʻzida bir nechta odam oʻqiydigan muayyan joy.
Yunon va Rim maktablari barcha zamonaviy maktab va kollejlarning oʻtmishdoshi boʻlgan. Ammo koʻp asrlar ilgari hatto Yunonistonda bitta professional oʻqituvchiga bitta oʻquvchi olib kelingan paytlar ham boʻlgan. Oʻsha paytlarda maktablar ham, sinflar ham boʻlmagan.
Keyinchalik oʻquvchilar qatnaydigan va odamlarga bilim berish maqsadida koʻp yoʻl bosishlari kerak boʻlgan yunon maʼruzachilari va faylasuflari maktablarga oʻxshash maskanlarni yaratishni boshlaganlar. Buyuk yunon faylasufi Platon oʻzi “akademiya” deb atagan joyda oʻqitishni tashkillagan birinchi oʻqituvchi edi. U yerda oʻqish muddati 3–4 yil boʻlgan.
Qadimgi maktablar, odatda, harbiylar mashq qiladigan yoki paradlar¹ oʻtkaziladigan maydonchalarda joylashgan. Ushbu maydonchalar gimnaziyalar deb atalgan. Keyinchalik Aristotel oʻz maktabini yaratdi va uni litsey deb atadi. Yana bir qiziq narsa: Germaniyada maktablarga gimnaziya, Fransiyada litsey va Shotlandiyada esa akademiya deb nom berishdi. Bu uchta nom ham Platon va Aristotel davridan beri saqlanib qolgan.
Ushbu ikki maktabning hech biri zamonaviy taʼlim muassasasiga oʻxshamagan. Koʻproq bu munozaralar oʻtkaziladigan joylar boʻlgan va faqat vaqti-vaqti bilan talabalarga maʼruzalar qilingan hamda mashgʻulotlar oʻtkazilgan.
Taxminan 250-yilda qadimgi yunonlar oʻquvchilarga grammatikani oʻrgatish kerakligini tushunishgan, shu sababli asta-sekin maxsus grammatika maktablari paydo boʻlgan. Keyinchalik rimliklar yunonlarning taʼlim tizimini oʻzlashtirib olishgan. Rim maktablari zamonaviylarga koʻproq oʻxshash boʻlgan. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ammo biz baʼzan zamonaviy maktablarga borishni istamaganimiz kabi oʻsha vaqtlarda ham oʻquvchilar rim maktablariga istamay borishgan. Oʻquvchilar erta turishlari, murakkab qoidalarni yodlashlari, chet tilini oʻrganishlari va qoʻshimcha ravishda oʻzlarini namunali tutishlari kerak edi. Itoatsiz va dangasalarni xipchin bilan savalashgan!
[1] Parad — qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini tekshirish maqsadida oʻtkaziladigan tantanali koʻrik.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.