Kaktuslar suvsiz qanday yashaydi?

Choʻlda yashovchi har qanday tirik mavjudot suv tanqisligi muammosiga duch keladi. Agar ularda bunga qarshi chora boʻlmasa, choʻlda omon qololmaydi.

Kaktusga ham suv kerak, ammo u uzoq vaqt davom etadigan yogʻingarchiliksiz mavsumga yaxshi moslashgan. Oddiy sharoitlarda oʻsadigan oʻsimliklar juda koʻp suv ichadi. Barglar oʻsimlik shirasidagi suvni olib, uni havoga bugʻlantiradi.

Barglari boʻlmagani uchun kaktus suv ajratmaydi. Uning poyalari shunday tuzilganki, quyoshning toʻgʻridan-toʻgʻri nurlari kaktus tanasi yuzasining oz qismiga tushadi. Shuning uchun ham namlik deyarli sarflanmaydi. Bundan tashqari, poyalarning oʻzi juda qalin boʻlib, namlikni yaxshi saqlaydi. Shu bilan birga, u suvni yanada koʻproq saqlaydigan qalin himoya qatlami bilan qoplangan. Qolaversa, kaktus tikanlari uning tanasidagi namlikni soʻrib olmoqchi boʻlgan, yaʼni chanqagan hayvonlarni choʻchitadi. Maʻlumot oʻrnida, ayrim voyaga yetgan kaktuslar ikki yil davomida suvsiz yashashi mumkin.

Kaktuslar muntazam ravishda gullaydi va gullar urugʻlarga ega mevalarga aylanadi. Koʻpgina kaktuslar juda chiroyli gullarga ega va silliq oʻsimlik poyalarida joylashgan toʻpgullar gullab-yashnaganda choʻl yorqin sariq, qizil va binafsharang kabi tuslarga burkanadi.

Kaktuslarning 1000 dan ortiq turi mavjud. Ularning vatani Janubiy va Markaziy Amerika, Meksika va AQShning janubi-gʻarbiy qismi hisoblanadi. Ular bir-biridan katta farq qiladi — yer yuzasida deyarli koʻzga koʻrinmaydigan moshdek mittisidan tortib, balandligi 10–20 metr boʻlgan ulkan kaktuslar bor. Ulkan hajmli kaktus AQShning Arizona shtati ramzi hisoblanadi.

? Kaktus poyalaridan olinadigan shira tibbiyotda qoʻllanadi va mahalliy aholi tomonidan kam alkogolli ichimlik sifatida ishlatiladi. Kaktuslarning poyalari va mevalaridan shirinliklar va murabbo tayyorlanadi. Ayrim kichik kaktuslar uy sharoitida yetishtiriladi, ularni tuvakda oʻstirishda suv ketish yoʻliga alohida parvarish talab etiladi. Kaktusni yozda har toʻrt kunda, qishda esa oyiga ikki marta sugʻorish lozim.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!