Nega toshlar bunday har xil?

Yoshligida turli shakl va rangdagi toshlarni yigʻmagan odam boʻlmasa kerak. Hajmi, rangi har xil, silliq va gʻadir-budur, “qimmatbaho” toshlarni yigʻish nafaqat yoshlar, balki kattalar uchun ham birdek qiziq.

Toshlar bir yoki bir nechta mineraldan iborat boʻlgani uchun juda jozibali koʻrinadi. Aynan shu minerallar turli toshlarga chiroyli tus beradi, ularning ayrimlari qimmatbaho kabi charaqlaydi.

Barcha toshlar turli xil kelib chiqishga ega. “Choʻkindi” deb nomlangan ayrim toshlar choʻkindi jinslardan iborat. Bu koʻp yillar oldin suv, shamol, muz, oʻsimlik va hayvonlar faoliyati natijasida choʻkindilar hosil boʻlganini anglatadi. Choʻkmalar qatlamlar holida boʻlgani uchun bunday qoya va toshlar “qatlamli” deb ataladi. Suv oqimi va shamol taʼsirida qoyalarni tashkil etuvchi mayda zarralarning oʻtkir qirralari charxlanib, yumaloq shaklga kelgan. Qumtosh va ohaktosh qatlamli qoyatoshlar hisoblanadi.

Boshqa qoyatoshlar yer qaʼrida joylashgan moddalarning erishidan kelib chiqqan. Ular yer yuziga olib chiqilgan, ayrimlari esa boshqa qoyatoshlarning yoriqlariga tushib qolgan. Bunday qoyatoshlar “pirogen” yoki vulqonga xos kelib chiqishga ega boʻlgan toshlar deb ataladi. Ularga granit va bazalt kiradi.

Uchinchi turdagi toshlar ilgari boshqa shakl va tuzilishga ega boʻlgan (vulqonga xos yoki qatlamli), ammo harorat yoki yuqori bosim taʼsirida oʻzgargan. Ular “metamorfik” deb nomlanadi va marmar hamda kvarsitni oʻz ichiga oladi.

Ayrim qoyatoshlar boshqa aralashmalar bilan bir qatorda metall minerallariga ham ega. Agar bunday minerallar metall ishlab chiqarish uchun yetarli boʻlsa, bunday tosh “ruda” deb ataladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!