Qazilma nima?
Qazilma nima? Qazilma tarixni tiklashga yordam beradimi?
2 min
Bu nima?

Qazilgan oʻsimlik va hayvon qoldiqlarini oʻrganish oʻtmishimizni yanada yaxshi bilib olishga yordam beradi. Millionlab yil oldin qanday hayvonlar yashaganini bilishimizga imkon beradi. Bu bilan “paleontologiya”¹ fani shugʻullanadi.

Baʼzi odamlar qazilmalar uzoq vaqt oldin yashagan hayvonlarning qoldiqlari deb oʻylaydi. Aslida qazilmalarning uch xil turi mavjud. Birinchi turga hozirgi kungacha buzilmasdan asl shaklida saqlanib qolgan organizmlar qismlari kiradi. Qazilmalar hayvon yoki oʻsimlikning oʻzi yoʻq boʻlib ketganidan keyin ular tanasining shaklini takrorlaydigan nusxa yoki iz koʻrinishida boʻladi. Shuningdek, balchiq yoki loy yuzasida qolgan hayvon izlari koʻrinishida ham boʻladi.

Asosan, skelet va chigʻanoq kabi qazilmalar bugungi kungacha tanadan saqlanib qolgan zich qismlardir. Yumshoq toʻqimalar chirib ketadi. Ammo baʼzi hollarda tanasi 99% suvdan iborat meduza kabi jonivor ham qoyalarda ajoyib izlar qoldiradi. Muzliklardan topilgan ayrim qazilmalarda nafaqat skelet, balki suyaklardagi toʻqimalar ham saqlanib qolgan.

Qazilma sifati oʻlchamga bogʻliq emas. Masalan, kahrabo² boʻlagida millionlab yil oldin yashagan kichkina chumoli aʼlo darajada saqlanib qolgan. Hayvon yoki oʻsimlikning saqlanish darajasi ularning yashash joyiga bogʻliq. Eng koʻp topilgan qazilmalar bu dengiz hayvonlarinikidir, chunki nobud boʻlgandan soʻng ularning tanasi tezda choʻkindilar bilan qoplanadi va bu chirishdan himoya qiladi. Yerdagi hayvon va oʻsimliklar havo va atrof-muhitning zararli taʼsiriga duchor boʻladi.

Millionlab yil oldin hayvonot dunyosi qanday boʻlganini, asosan, qazilmalarni oʻrganish orqali bilamiz. Masalan, tosh jinsidan topilgan qazilmalar bizga ancha yillar oldin uzunligi 24 metr va ogʻirligi 56 tonna bahaybat sudralib yuruvchi maxluqlar asri haqida xabar bergan. Ular dinozavrlar edi. Olimlar topilgan ikki nusxadan “arxeopteriks” deb ataluvchi birinchi qush haqida ham bilib olishgan.


[1] Paleontologiya — qirilib yoʻq boʻlib ketgan oʻsimlik va hayvonlarni ularning qazib topilgan qoldiqlariga qarab oʻrganadigan fan.
[2] Kahrabo — sariq rangli, shaffof, yaltiroq, tosh qotgan yelim.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!