Reaktiv oqimlar nima?

Bugungi kunda “reaktiv”¹ soʻzini tez-tez eshitamiz. “Reaktiv oqimlar” tushunchasi reaktiv samolyotlar bilan bogʻliq deb oʻylasangiz kerak. Ammo mutlaqo unday emas.

Reaktiv oqimlar — Yer atrofidagi shamol tizimining bir qismi. Shuning uchun “shamol” tushunchasidan boshlaymiz. Shamollar — bu Yer yuzasiga parallel ravishda va unga yaqin masofada harakatlanadigan havo oqimlari.

Shamol harakati, asosan, har xil bosimli hududlarning mavjudligi bilan bogʻliq. Shu sababli shamol yuqori bosimli joylardan past bosimli hududlarga esadi.

Global (mahalliy emas) miqyosda aytish mumkinki, sovuq havo qutblardan ekvatorga², iliq havo esa ekvatordan qutblar tomon harakatlanadi. Bu bir xil emas, balki turbulent (tartibsiz) havo oqimlaridir. Turli xil sharoitlar har bir hududdagi ob-havoga taʼsir qiladi. Mahalliy issiqlik manbai bosim miqdoriga taʼsir qiladi. Mintaqadagi shamol yoʻnalishiga quruqlik, suv yuzasi va togʻlar joylashuvi ham taʼsir oʻtkazadi.

Doimiy yuqori bosimga ega hududlar ham mavjud. Ushbu joylar “antitsiklonlar”³ deb ataladi. Ular mana shu mintaqadagi shamollar yoʻnalishini belgilaydi.

Demak, endi shamol nega esishi va unga nimalar taʼsir qilishini tasavvur qila olasiz. Ammo bularning barchasi atmosferaning pastki qatlamida esadigan shamollarga tegishli. Maʼlumki, Yer atrofida 2 800 km balandlikka choʻzilgan atmosfera⁴ mavjud. Atmosferaning yuqori qatlamlarida shamol boʻlishiga boshqa hodisalar sabab boʻladi. Bu yerda shamollar Yer yuzasiga qaraganda tezroq esadi. Taxminan 9 km balandlikdagi shamol tezligi “reaktiv oqim” deb nomlanadi. Bunday oqim tezligi soatiga 200-400 km ga yetishi mumkin.


[1] Reaktiv — bugʻ, gaz oqimining kuchi bilan harakat qiladigan.
[2] Ekvator — Yerni Shimoliy ham Janubiy yarimsharlarga ajratadigan katta aylana, chiziq.
[3] Antitsiklon — havo oqimlari harakatidan hosil boʻladigan juda katta atmosfera girdobi.
[4] Atmosfera — Yer va boshqa baʼzi sayyoralarni oʻrab turgan gazsimon qobiq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!