Temir nega zanglaydi?

Bironta temir buyum bir necha kun nam va zax joyda qolsa, uni goʻyo qizgʻish boʻyoq bilan boʻyalgandek zang qoplaydi.

Zang nima? U nega temir va poʻlat buyumlarda hosil boʻladi? Zang — bu temir oksidi. U temir va suvda erigan kislorodning “yonishi” natijasida hosil boʻladi.

Bu degani havoda namlik va suv yoʻq boʻlsa, suvda erigan kislorod va zang hosil boʻlmaydi.

Yomgʻir tomchisi yaltiroq temir yuzasiga tushganda u qisqa vaqt davomida shaffof boʻladi. Suvdagi kislorod va temir oʻzaro taʼsirlashib, tomchi ichida oksid, yaʼni zang hosil qiladi. Suv qizgʻish tusga kiradi, zang suvda mayda zarralar shaklida suza boshlaydi. Tomchi bugʻlanganida qolgan zang temir yuzasida qizgʻish qatlam hosil qiladi.

Zang quruq havoda ham oʻsishda davom etadi. Buning sababi shundaki, zangning gʻovak (ichi boʻsh) dogʻi havodagi namlikni yutadi — oʻziga tortib ushlab turadi. Shuning uchun zangning oldini olish uni toʻxtatishdan koʻra osonroq. Zang paydo boʻlmasligiga kurashish juda muhim, chunki temir va poʻlatdan yasalgan buyumlar uzoq vaqt saqlanishi kerak. Baʼzan ular boʻyoq yoki plastmassa qatlami bilan qoplanadi. Ishlatilmayotgan harbiy kemalarni zangdan himoya qilish uchun nima qilgan boʻlardingiz? Ushbu muammo namlikni yutuvchi vositalar yordamida hal qilinadi. Bu kabi qurilmalar nam havoni qurugʻiga almashtiradi, bunday sharoitda esa zang paydo boʻlmaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!