Tuman nima?
Tuman haqida ma'lumot, Tuman haqida
2 min
Bu nima?

Tuman — yer ustidagi bulut. Osmondagi bulut va tuman orasida hech qanday farq yoʻq. Bulut yer yoki dengiz yuzasiga yaqin boʻlganda uni “tuman” deb ataymiz.

Odatda, tuman tun va erta tongda pasttekisliklar hamda suv havzalari ustida hosil boʻladi. Bu yer yoki suvning iliq yuzasiga tushadigan sovuq havo oqimi bilan bogʻliq.

Tuman kuzda, havo yer yoki suvga qaraganda tezroq soviganida tez-tez uchrab turadi. Kechasi yer soviy boshlagach, havoning pastki qatlamlari ham soviydi, salqin havo iliqqa yaqinlashganda tuman paydo boʻladi.

Odatda, shahar tumani qishloqnikiga qaraganda qalinroq boʻladi. Shahar havosi chang va qurumga toʻla boʻlib, ular suv zarralari bilan birlashib, zich choyshab hosil qiladi.

Nyufaundlendning Atlantika sohillari (Kanada) — sayyoramizning eng tumanli hududi. U yerda Shimoliy qutbdan janubga harakatlanadigan nam havo sovuq suvlar ustidan oʻtishi natijasida tuman hosil boʻladi. Sovuq suv havodagi namlikni suv tomchilari shaklida kondensatsiya¹ qiladi. Bu tomchilar yomgʻir hosil qilish uchun yetarli oʻlchamga ega emas, shuning uchun ular havoda tuman shaklida turib qoladi.

AQShning Kaliforniya shtati, San-Fransisko shahri hududidagi tuman esa butunlay boshqacha tarzda shakllanadi. Bu yerda ertalabki salqin shabada iliq qum tepalariga esadi. Agar bir kun oldin yomgʻir yogʻib qumni namlagan boʻlsa, bugʻlanayotgan namlikdan zich tuman hosil boʻladi.

Koʻpincha tuman bulutlarga qaraganda zichroq koʻrinadi. Bunga sabab tuman tomchilari oʻlchami kichikroq boʻlishidir.

Ertalab va kechki payt tashqariga qaraganingizda daraxt va binolar umuman koʻrinmay qolganmi? Xoʻsh, ayting-chi, siz yashayotgan joyda tuman qanday koʻrinishda boʻladi?


[1] Kondensatsiya — bugʻ yoki gazsimon moddaning sovish yoki siqilish natijasida suyuq holga aylanishi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!