Nega chaqmoq bilan momaqaldiroq birga sodir bo‘ladi?

Ehtimol, chaqmoq va momaqaldiroq ibtidoiy odamlarni qoʻrqitib hayratga solgan birinchi tabiiy hodisa boʻlsa kerak. Ular chaqmoqning egri-bugri chizigʻini koʻrganda yoki momaqaldiroq gumburlaganda bu xudolar gʻazabi va ibtidoiy odamni jazolashning bir usuli ekaniga ishonishgan.

Momaqaldiroq va chaqmoq aslida nima ekanini tushunib olish uchun elektr energiyasi haqida bilganlarimizni eslaylik. Baʼzi narsalar musbat yoki manfiy zaryad olishini bilamiz. Manfiy zaryad musbatni oʻziga tortiladi. Zaryad miqdori ortgani sari tortishish kuchi ham oshadi. Natijada ularni alohida ushlab turadigan kuchlar juda zaiflashadigan payt keladi. Ularni ajratib turadigan havo, shisha yoki boshqa izolyator¹ kabi har qanday qarshilik yoʻq boʻladi yoki “teshiladi”. Ikkita jismning elektr zaryadlari tenglashadi — razryad² sodir boʻladi.

Chaqmoqda ham xuddi shunday. Son-sanoqsiz suv tomchilari bilan toʻyingan bulut boshqa biriga yoki Yer zaryadiga qarama-qarshi elektr zaryadiga ega boʻladi. Ular orasidagi elektr kuchlanishi havo izolyatsiyasini yengsa, chaqmoq razryadi roʻy beradi. Elektr razryadi qarshilik eng kam boʻlgan yoʻldan harakatlanadi. Shuning uchun ham chaqmoq koʻpincha egri-bugri boʻladi.

Havoning elektr oʻtkazuvchanligi uning harorati, zichligi va namligiga bogʻliq. Quruq havo — yaxshi izolyator, nam havo esa elektr tokini oʻtkazadi. Shuning uchun yomgʻir boshlanishi bilan chaqmoq toʻxtaydi. Nam havoning elektr zaryadlari tovushsiz va bilinmay harakatlanuvchi oʻtkazgichga aylanadi.

Momaqaldiroq-chi? Elektr razryadi vaqtida havo tez kengayib, keyin siqiladi. Kengayish va siqilish paytida havo oqimlari tez harakatlanadi. Havo oqimlarining bunday keskin tutashishini momaqaldiroq shaklida eshitamiz. Tovush toʻlqinlarining bir bulutdan boshqasiga aks etishi momaqaldiroqning uzoq gumburlashiga sabab boʻladi. 

Yorugʻlik tezligi 299,795 km/sek, tovushning havodagi tarqalish tezligi esa taxminan 335 m/sek boʻlgani sababli boshida har doim chaqmoq chaqishini kuzatamiz va bir necha millisekunddan keyingina momaqaldiroqni eshitamiz.

Momaqaldiroq gumbur-gumburidan qoʻrqasizmi? Chaqmoq chaqsa, berkinib oladigan doʻstlaringiz bormi?


[1] Izolyator — elektr tokini oʻtkazmaydigan modda (masalan, chinni, shisha).
[2] Razryad — predmet, hodisa kabilarning oʻzaro biror belgi yoki oʻxshashligiga koʻra turi, darajasi, toifasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!