Kamalak nima?
Kamalak haqida afsonalar, Kamalak nega yoy shaklida?
2 min
Bu nima?

Kamalak — eng chiroyli tabiat hodisalaridan biri. Odamlar uning paydo boʻlishi haqida anchadan beri oʻylanadi, hatto qadimgi yunon faylasufi Aristotel ham kamalakning paydo boʻlish sabablarini tushuntirishga uringan. 

Quyosh yoki yorugʻlikning oddiy nuri barcha ranglar jamlanmasi hisoblanadi. Yorugʻlik nuri oynaning darz ketgan joyi yoki sovun koʻpigiga tushganda nima boʻlishini sezganmisiz? Oq nur turli ranglarga boʻlinadi, biz qizil, olovrang, sariq, yashil, koʻk va binafsharangni koʻramiz.

Yorugʻlik nurini tarkibiy qismlariga boʻladigan narsa “prizma”¹ deyiladi. Hosil boʻlgan ranglar yoʻl-yoʻl chiziqli ranglar jamlanmasini hosil qiladi, buni “spektr” deb ataymiz.

Kamalak ham katta qayrilgan spektr yoki rangli chiziqlar yoʻli boʻlib, yomgʻir tomchilaridan oʻtadigan yorugʻlik nurining sinishi natijasida hosil boʻladi. Bu holatda yomgʻir tomchilari prizma vazifasini oʻtaydi. 

Kamalak faqat qattiq yomgʻir yogʻib, quyosh kam charaqlab turgan vaqtda paydo boʻladi. Bunda quyosh (orqa tomonda boʻlishi kerak) va yomgʻir (old tomonda) orasida turish kerak. Boshqa holatda kamalakni koʻra olmaymiz. Quyosh oʻz nurini sochadi va ular yomgʻir tomchilariga tushganda spektr hosil boʻladi. Quyosh, koʻzlarimiz va kamalak bir chiziqda boʻlishi kerak.

Quyosh juda balandda tursa, bunday togʻri chiziqni hosil qilishning iloji yoʻq. Shu sababdan ham kamalakni faqat erta tongda yoki kechga yaqin koʻrish mumkin. Tonggi kamalak quyosh sharqda, yomgʻir esa gʻarb tomonda ekanini, tushdan keyingi kamalak esa quyosh gʻarbda, yomgʻir sharqda yogʻayotganini bildiradi.

Irimchi kishilar kamalakni yomonlik belgisi deb bilgan. Ular vafot etganlar ruhi kamalak ustidan narigi dunyoga oʻtadi deb oʻylashgan. Kamalak chiqishi kimningdir oʻlimini bildiradi deb hisoblashgan. Qiziq-a? 


[1] Prizma — xuddi shunday shaklga ega boʻlgan, turli optik, spektral asbob va apparatlarda yorugʻlik nurining yoʻnalishini oʻzgartirish uchun xizmat qiladigan shishasimon oʻta tiniq jism.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!