20.02.2024
Keling, gapni bugungi atom haqidagi bilimlarimizning ertaga oʻzgarib ketishi mumkinligidan boshlaymiz. Sinxrofazotronlarning¹ paydo boʻlishi bilan olimlar atom haqida tobora koʻproq maʼlumotlarga ega boʻlmoqda.
Qizigʻi shundaki, yunon tilida “atom” soʻzi “boʻlinmas” degan maʼnoni anglatgan va qadimgi yunonlar atomni har qanday materiyaning² eng kichik tarkibiy qismi deb hisoblagan.
Bugungi kunda atomni tashkil etuvchi 20 dan ortiq turli zarralar kashf etilgan. Olimlar fikriga koʻra, atom elektron, proton, neytron, pozitron, neytrino, mezon va giperonlardan iborat. Elektronlar — manfiy zaryadlangan zarralar. Elektrondan taxminan 1836 marta ogʻir proton esa musbat zaryadlangan. Yanada ogʻirroq zarracha neytron esa neytraldir. Oʻlchami taxminan elektronga teng pozitron ham musbat zaryadlangan. Neytrino elektrondan taxminan ikki ming marta kichik va zaryadga ega emas. Mezonlar musbat yoki manfiy zaryadlanishi mumkin. Giperonlar protonlardan kattaroq.
Bu zarralar yoki zaryadlarning barchasi birgalikda qanday qilib joylashgani haligacha nomaʼlum. Turli xil kimyoviy elementlar shunday atomlardan tarkib topgan. Ayrimlari ogʻirligi bilan farq qiladi. Shuning uchun kimyoviy elementlar atom ogʻirligi boʻyicha birlashtiriladi. Masalan, vodorod bunday jadvalda 1-raqamda, temir esa 55-raqamda turadi. Bu temir atomi vodorod atomidan 55 baravar ogʻir ekanini anglatadi. Biroq ularning vazni juda ham kichik. Bir vodorod atomi ogʻirligi grammning atigi bir million-million-million-million qismini tashkil qiladi. Atomlarning qanchalik kichikligini tasavvur qilish uchun bir gramm vodorodda nechta atom borligi haqida oʻylash kerak boʻladi. Bu ortida 23 ta nol boʻlgan “olti” raqami deganidir. Ularni har soniyada bittadan sanay boshlasak, bir gramm vodoroddagi barcha atomlarni sanash uchun oʻn ming million-million yil kerak boʻladi!
Mendeleyev davriy jadvaliga qarab, eng ogʻir atomga ega kimyoviy elementni aniqlang-chi?
[1] Sinxrofazotron — o‘zgaruvchan chastotali elektr maydonidagi protonlar harakati tezlatkichi.
[2] Materiya (lotincha materia — modda) — borliqning moddiy shaklini ifodalovchi umumiy tushuncha.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.