Sarob qanday paydo bo‘ladi?

Choʻlda chanqab qiynalayotgan sayohatchini tasavvur qiling. Shu payt u uzoqqa qarab, zich oʻsimliklar bilan oʻralgan toza suvga toʻla koʻlni koʻrih qoladi. U jon holatda oldinga intiladi. Ammo koʻringan narsa yoʻqoladi, atrofda esa yana qaynoq qumdan boshqa hech vaqo boʻlmaydi.

Uzoqdan ko‘ringan koʻl sarobdan oʻzga narsa emas. U qayerdan paydo boʻladi? Sarob — bu tabiat hazili boʻlib, maʼlum atmosfera sharoitlarida sodir boʻladigan hodisa. Birinchidan, jismlarni qanday koʻrishimizni tushunish kerak, chunki ulardan aks etgan yorugʻlik koʻzimizga tushadi. Odatda, bu nurlar koʻzimizga toʻgʻri chiziq boʻylab tushadi. Shuning uchun uzoqqa qaraganimizda faqat ufq chizigʻidan yuqoridagi narsalarni koʻramiz.

Ana endi biz atmosfera yorugʻlik nurlari bilan uyushtiradigan fokuslarga¹ keldik. Choʻlda Yer yuzasi ustida koʻzgu rolini oʻynaydigan zich havo qatlami mavjud. Jism koʻrish doiramizdan tashqarida yoki ufq ortida boʻlishi mumkin. Ammo undan aks etgan yorugʻlik nurlari havo zich qatlamiga va undan koʻzimizga tushadi. Ushbu jismni ufqda yoki koʻrish doiramizda boʻlganidek “koʻramiz”. Aslida esa bizga koʻrinmayotgan jismni “koʻramiz”! Bunday “havo koʻzgusida”gi osmon aksini koʻl deb qabul qilish mumkin. Sarob shu tarzda paydo boʻladi.

Issiq kunda doʻnglik tepasiga yaqinlashganda oldimizdagi yoʻl hoʻl boʻlib tuyuladi. Bu ham sarob. Biz osmondan tushayotgan va Yer yuzasidagi issiq havoda singan (yoʻnalishini oʻzgartirgan) yorugʻlik nurlarini koʻramiz. Lekin yoʻlning oʻzini koʻrayotganimizdek tuyuladi.

Saroblarni dengizda ham koʻrish mumkin, bunda kemalar tasviri osmonda paydo boʻladi. Bunday holda, hamma narsa suv yuzasida sovuq havo va uning ustida iliq havo qatlami mavjudligi bilan izohlanadi. Ufq ortidagi kemalar “koʻrinadigan” boʻlib qoladi, chunki ulardan kelayotgan yorugʻlik nurlari iliq havo qatlamidan aks etadi va biz kemalarni havoda koʻramiz.

Chiroyli saroblarni koʻrish mumkin boʻlgan eng mashhur joylardan biri — Italiyadagi Sitsiliya hududi. Messina shahri osmonda aks etadi va qasrlarning noaniq shakllari havoda suzib yurganga oʻxshaydi. Italiyaliklar buni saroblarni keltirib chiqarishga qodir boʻlgan yovuz jodugar ayol Morgana Le Fey sharafiga Fata Morgana deb atashadi.


[1] Fokus — optik sistema orqali oʻtgan parallel nurlar dastasining oʻzaro kesishgan yoxud toʻplangan nuqtasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!