20.02.2024
Oila va do‘stlaringiz bilan tog‘ga dam olgani borganingizda, cho‘qqiga chiqib hayqirsangiz, uzoqlardan tovush qaytib kelgani yodingizdami? Yangi qurilgan uy, hech kim yo‘q sport zaliga kirib, kim bilandir gaplashganingizda ovozingiz jaranglab chiqqaniga hech e’tibor berganmisiz?
Hozirda, tabiatdagi hamma narsa bizni qiziqtirayotgan vaqtda savollarimizga toʻgʻri va ilmiy asoslangan javob olishni istaymiz. O‘tmishda odamlar tushunish mushkul bo‘lgan voqealarni izohlash uchun turli afsonalar yaratishgan. Qadimgi yunonlar aks-sadoning kelib chiqishini tushuntirish uchun juda chiroyli afsona oʻylab topgan.
Uzoq zamonlarda Exo ismli go‘zal iloha yashagan. Uning faqat bir kamchiligi boʻlgan, ya’ni u juda koʻp gapirgan. Jazo sifatida maʼbuda Gera agar unga hech kim oʻzi birinchi boʻlib gapirmasa, gapirishni taqiqlagan, yaʼni unga aytilganlarnigina takrorlashi mumkin boʻlgan. Bir kuni Exo navqiron va koʻrkam Nartsissni koʻrib, bir koʻrishda uni sevib qolgan. Biroq Nartsiss uni payqamagan ham. Bundan Exo shu qadar qaygʻuga botganki, faqat oʻzining ovozini qoldirib gʻoyib boʻlgan. Shuning uchun biz aytganlarimizni takrorlaydigan aks-sado, yaʼni iloha Exoning ovozini eshitamiz, deb hisoblashgan.
Albatta, bu qaygʻuli afsona bizga aks–sado tabiatini izohlab bera olmaydi. Bunga javob topish uchun tovush haqidagi ayrim narsalarni eslashimiz lozim. Tovush havoda 335 m/s tezlikda harakatlanadi. U suvga tashlangan toshdan paydo boʻlgan toʻlqinlar kabi tarqaladi. Ovoz toʻlqinlari chiroq yorugʻligi kabi har tomonga yoyiladi.
Tovush toʻlqini oʻz yoʻlida toʻsiqqa duch kelganida yorugʻlik singari unda aks etadi. Shunda biz aks-sadoni eshitamiz. Demak, aks-sado bu — aks etgan tovush.
Lekin hamma toʻsiqlar ham aks-sadoni hosil qilmaydi. Ayrim jismlar tovushni aks ettirmaydi, aksincha, yutadi, yaʼni tovush qaytmaydi, aks-sado eshitilmaydi. Odatda devor, shift, qoyalar kabi silliq, tekis yuzalar aks-sado beradi.
Bulutlar o‘zida tovushni aks ettirib, aks-sado berishini bilasizmi? Momaqaldiroq gumburlashini eshitganimizda, bu uning ovozi bulutlarda ko‘p marta aks etayotganidan dalolat beradi.
Bu qiziq!
Mutaxassislar dunyoda aks-sado eng ko‘p eshitiladigan joylarni ham aniqlashgan. Masalan, Angliyadagi Vudstok qasrida 17 marta, Germaniyadagi Derenburg qasri xarobalarida 27 marta aks-sado eshitiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.