Issiqlik nima?
Issiqlikni qanday sezamiz? Issiqlik nima?
3 min
Bu nima?

Yozning jazirama kunlarida salqin joyni qidirib qolganingizda yoki qishning ayozli kunlarida tashqaridagi sovuq havodan issiqqina xonaga kirganingizda issiqlik o‘zi nima, deb hech qiziqib ko‘rganmisiz?

Bir vaqtlar odamlar issiqlik bir tanadan ikkinchisiga oʻtadigan suyuqlikning bir turi deb hisoblashgan va ushbu xayoliy suyuqlikni “issiqlik” deb atashgan.

Bugun esa issiqlik jismdagi atom va molekulalarning doimiy harakati hisoblanadi. Masalan, havoda ular tartibsiz harakat qiladi. Ushbu atom va molekulalarning harakatlanish tezligi oshsa, havo harorati yuqori yoki havo issiq deb aytamiz. Sovuq kunda esa ularning tezligi past boʻlib, sovuq havoni his qilamiz.

Suyuq va qattiq moddalardagi atom hamda molekulalar havodagi kabi erkin harakatlana olmasligiga qaramay, ularda ham bunday harakat mavjud. Hatto muzning erish haroratida ham molekulalar harakatni davom ettiradi. Vodorod molekulasi ushbu haroratda 1950 m/s tezlikda harakat qiladi. Har soniya 16 kub santimetr hajmdagi havoda molekulalar oʻrtasida minglab, millionlab toʻqnashuvlar sodir boʻladi.

Issiqlik va harorat bir narsa emas. Kichik gaz gorelkasi yuzasi harorati katta gorelkaniki bilan bir xil boʻladi. Katta gorelka koʻproq gaz yoqqani uchun koʻproq issiqlik beradi xolos. Issiqlik energiyaning bir shakli boʻlib, uni oʻlchaganimizda energiyani oʻlchaymiz. Issiqlik kaloriya bilan oʻlchanadi. Kaloriya bu — bir gramm suv haroratini 1 °C ga oshirish uchun zarur boʻlgan issiqlik energiyasi miqdori. Harorat esa termometr bilan oʻlchanadi va u darajalarda ifodalanadi.

Ikki jism birikkanida issiqlik biridan ikkinchisiga oʻtkazilmasa, jismlar bir xil haroratga ega deb aytamiz. Ammo agar birinchi jism issiqlik energiyasining bir qismini yoʻqotsa (molekulalar harakati sekinlashsa) va ikkinchi jism undan qoʻshimcha ravishda shu miqdordagi issiqlikni olsa (uning molekulalari harakati tezlashsa), issiqlik iliqroq jismdan sovuqroq jismga oʻtgan — birinchi jismda harorat ikkinchisidan yuqoriroq boʻlgan deymiz.

Biz, odamlar, ham issiqlik ishlab chiqara olamiz. Qanday qilib, deysizmi? Moddalar almashinuvi natijasida tanamizdan issiqlik energiyasi ajralib chiqadi. Shu energiya hisobidan tana haroratini bir me’yorda ushlashga muvaffaq bo‘lamiz. Kishi bir sutka mobaynida tanasidan chiqqan issiqlik quvvati bilan 33 litr muzdek (0 °C dan) suvni qaynata (100 °C gacha) oladi. Tanamiz qanday kuchli issiqlik energiya manbaiga ega ekanini mana endi siz ham bilasiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!