Obyektlar koinotda qanday harakat qiladi?

Gravitatsiya bu — koinotdagi bir jismni boshqasiga tortadigan kuch. Bu kosmik (kosmos va koinotga oid) jismlarni Yer tomon harakatlanishga majbur qiladigan kuch hisoblanadi.

Faqat Galileo Galiley davrida (1564–1642) tortishish kuchini aniqlash uchun bir qancha urinishlar sodir boʻlgan. Undan avval tushayotgan jismning yer yuzasiga urilish tezligi faqatgina shu jism ogʻirligiga bogʻliq, deyilgan. Galiley gravitatsiya kuchi taʼsirini oʻrganish uchun Italiyaning Piza shahridagi qulayotgan minoradan turli ogʻirlikdagi jismlarni yerga uloqtirgan. U birgalikda tashlangan ogʻir va yengil jismlar yerga bir vaqtda tushishini isbotlagan.

U toʻpni qiyalik boʻylab dumalatib, maʼlum vaqt oraligʻida toʻp holatini oʻlchagan. Bu bilan Galiley toʻp tezligining oshishi uning harakatlanish vaqtiga mutanosibligini (proporsional) aniqlagan. Bu ikkinchi soniya oxiriga kelib, toʻp birinchi soniya oxiriga nisbatan ikki baravar tezroq hamda uchinchisining oxirida esa uch karra tez va hokazo ekanini anglatadi.

Shuningdek, u toʻp bosib oʻtgan masofa uning harakatlanish vaqti kvadratiga mosligini hisoblab chiqdi (sonning kvadrati bu — muayyan sonni xuddi shu qiymatga koʻpaytirish), yaʼni ikkinchi soniya oxiriga kelib, toʻp birinchi soniya oxiriga qaraganda toʻrt baravar koʻp masofani bosib oʻtadi, uchinchisining oxirida esa toʻqqiz baravar koʻproq va hokazo…

Keyinchalik Isaak Nyuton gravitatsiya sohasidagi kashfiyotlarni davom ettirdi. U obyektni yerga tortadigan kuch oradagi masofa oshgani sayin kamayib borishini taxmin qildi. Tajriba va kuzatishlar natijasida Nyuton butun olam tortishish qonunini yaratdi. Qonunning asosiy qoidasi shundan iboratki, agar tortishuvchi jismlardan birining massasi (modda miqdori) ikki baravar koʻpaysa, tortishish kuchi ham shunchalik koʻpayadi. Ammo obyektlar orasidagi masofa ikki baravar oshsa, tortishish kuchi asl qiymatining toʻrtdan biriga teng boʻladi.

Albert Eynshteyn makon va zamon toʻrt oʻlchovga ega ekanini isbotlab, “Gravitatsiya nima?” degan savolga javob berishga uringan. Bu tushunish uchun chuqur ilmiy bilimlar talab qiladigan juda murakkab nazariyadir. Eynshteynning soʻnggi nazariyasiga koʻra, gravitatsion maydon elektr, magnit va elektromagnit (elektr oqimi yordamida magnit maydoni hosil qiladigan poʻlat yoki temir shaklidagi moslama) maydonlar bilan bogʻlangan. Ammo hozirgi kunga qadar hech kim barchani birdek qoniqtiradigan gravitatsiya taʼrifini topganicha yoʻq.

Biz gravitatsiya tufayli tezlik har keyingi soniyada 10 metrga oshishini bilamiz. Bu esa tushayotgan obyekt tezligi har bir soniyada 10 m/s ga koʻpayishini anglatadi. Birinchi soniya oxirida tushish tezligi 10 m/sek, ikkinchisining oxirida — 20 m/sek va hokazo… Agar birinchi soniya oxirida tushayotgan obyekt 5 m uchib oʻtsa, ikkinchisining oxirida — 20 m, uchinchisining oxirida esa 45 m masofadan oʻtadi.

Havoga uloqtirilgan koptok yana pastga qaytib tushishi Yerning tortishish kuchiga aniq misol boʻla oladi. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!