20.02.2024
Baʼzida inson “usiz yashay olmaydigan” narsalar haqida oʻqib qolamiz. Inson haqiqatan ham usiz yashay olmaydigan narsa — kislorod. Inson kislorodsiz faqat bir necha daqiqa chiday oladi xolos.
Kislorod butun koinotda eng keng tarqalgan kimyoviy element¹ hisoblanadi. Yer qobigʻining deyarli yarmini, havoning esa beshdan bir qismini kislorod tashkil etadi. Oʻpkaga tushgan kislorod qizil qon tanachalari orqali butun organizm hujayralariga yetib boradi. Organizmda kislorod ovqatni parchalab, inson faoliyati uchun zarur issiqlikni ishlab chiqaradi.
Kislorod boshqa elementlar bilan yaxshi birikadi, bu jarayon “oksidlanish” deyiladi. Oksidlanish tezlashgan paytda yonish yuz beradi. Deyarli barcha oksidlanish jarayonida issiqlik ajralib chiqadi. Yonish vaqtida issiqlik koʻproq ajraladi, harorat koʻtarilib, olov paydo boʻladi.
Shunday qilib bir tomondan tezkor oksidlanish jarayonida olov paydo boʻlishini kuzatsak, ikkinchi tomondan esa inson organizmida ozuqani qayta ishlab, hayot faoliyatini taʼminlaydigan oksidlanish hodisasini kuzatamiz. Sekin yuz beradigan oksidlanish jarayoni hammayoqda kuzatiladi. Metall zanglashi, boʻyoq qurishi, alkogolning² sirkaga (eritma) aylanib qolishi — bularning hammasi oksidlanish jarayoni natijasi.
Biz nafas olayotgan havo azot va kislorod qorishmasi hisoblanadi. Shu sababdan sof kislorodni havodan olish mumkin. Havo suyuq holatga kelgunicha past haroratda sovitiladi. Bu −180 °C da yuz beradi. Suyuq havo harorati ozroq koʻtarilishi bilan havo qaynay boshlaydi. Avval azot bugʻlanib ketadi, kislorod esa qoladi. Kuchsiz oʻpkali bemorlar hayoti nafas olish uchun sof kislorod berish yoʻli bilan saqlab qolinadi.
[1] Element — kimyoviy usullar bilan tarkibiy qismlarga ajralmaydigan, erkin holatdagi eng sodda modda.
[2] Alkogol — araq, vino spirti va spirtli ichimliklar.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.