Tuproq qanday hosil bo‘lgan?

Agar Yer yuzasi tuproq bilan qoplanmaganida edi, odamzod mavjud boʻlmasdi. Tuproqsiz oʻsimlik boʻlmagani kabi odam va boshqa hayvonlar ham ozuqa topolmas edi.

Tuproq bu — oʻsimlik oʻsadigan yengil hamda kukunsimon qoplama. U mayda toshlar, oʻsimlik va hayvon organizmlarining qoldiqlaridan iborat. Mayda toshlar bir vaqtlar katta qoyalar, oʻsimlik va hayvon qoldiqlari esa tirik oʻsimlik hamda mavjudot boʻlgan.

Eng qattiq toshlar ham vaqt oʻtishi bilan parchalanadi. Doimiy ravishda togʻ jinslarining nurashi sodir boʻladi, ya’ni toshlar yemiriladi. Muzliklar qoya va togʻlarni yemirgancha tosh massalarini olib keladi.

Suv kimyoviy elementlar bilan birgalikda baʼzi turdagi togʻ jinslarini oʻpirib (ma’lum qismni o‘yib yoki oqizib yemirmoq) ketadi. Harorat oʻzgarishi togʻlarning yemirilishiga olib keladi. Qizish va sovishdan tosh yuzasida yoriqlar paydo boʻladi. Ularga suv kiradi va u muzlaganida togʻlarni yanada yemiradi. Hatto oʻsimlik ildizlari ham toshlarni parchalaydi. Toshlardagi yoriqlarga tushgan daraxt urugʻlari unib chiqib, ildiz otadi. Natijada tosh jinslari yemiriladi. Bu halokatli ishlarni shamol nihoyasiga yetkazib qoʻyadi, ya’ni u maydalanib, qumga aylangan toshlarni uchirib ketadi.

Ammo bu tuproq shakllanishining boshlanishi xolos. Haqiqiy tuproq hosil boʻlishi uchun qum yoki tosh jinslarining mayda zarralariga “gumus” qoʻshilishi kerak. Gumus bu — oʻsimlik va hayvon qoldiqlaridan paydo boʻladigan organik (hayvon yoki o‘simlik chirishidan hosil bo‘ladi) modda.

Bakteriyalar faoliyati natijasida, deyarli barcha oʻsimlik va hayvon qoldiqlari tuproqqa aylanadi. Bakteriyalar ularni parchalab, tuproq unumdorligini oshiradi. Chuvalchang va boshqa hasharotlar ham tuproqni boyitadi. “Haydaladigan qatlam” deb ataladigan tuproqning yuqori qismi serhosil hamda koʻp gumusga ega. Undan keyingi qatlam tagzamin (haydaladigan tuproq ostidagi yer qatlami) boʻlib, u tosh jinslari qoldiqlaridan iborat. Undan ham pastroqda esa toʻshama (biror yuzaga solingan yoki yotqizilgan qatlam) tosh qatlami joylashgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!