Asfalt qanday paydo bo‘lgan?
Asfalt ko'li haqida eshitganmisiz? Asfalt qanday paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Tugʻilgandan boshlab asfaltni koʻrganmiz: asfalt yoʻlaklarda yugurib, asfalt yoʻllarda velosiped va mashinada yurganmiz. Qadimgi davrda ham asfaltdan foydalanilgan, buni bilarmidingiz? Suvga chidamli boʻlgani uchun asfalt Bobilda¹ “qatron” nomi bilan tanilgan. Keyinchalik u qadimgi Rimda ham tarqalgan, u yerda odamlar uni “bitum”² deb atashgan. Ular suyuqlik oqib ketmasligi uchun katta suv idish va suzish havzalarini asfalt bilan suvashgan.

Asfalt — toʻq jigarrang yoki qora rangli mineral modda. Yerda u suyuq va qattiq holatda uchraydi. Shuningdek, u xom neftning bir qismi hisoblanadi. Qizdirilganda yumshab, suyuqlikka aylanadi. Sovutilganda esa yana qattiqlashadi. Asfalt tarkibida vodorod va uglerod bor.

Asfaltning ikki turi mavjud: tabiiy va neftdan olinadigan. Tabiiy asfalt Yer yuzasi yaqinida qatlamlar shaklida joylashgan. Neftdan olinadigan asfaltni esa zamonaviy neftni qayta ishlash zavodlarida xom neftni qayta ishlash yordamida olishadi.

Tabiiy asfalt qum va tosh jinslari orqali yuqoriga koʻtarilgan neftdan hosil boʻladi. Toza asfalt va bitum3 qoyalarda qolib ketadi.

Karib dengizidagi Trinidad orolida dunyodagi eng katta asfalt koʻli bor. U taxminan 40 gektar maydonni egallaydi va chuqurligi 30 metrdan oshadi. 1876-yil AQSh poytaxti boʻlgan Vashington koʻchalari asfalt bilan qoplanganda uning asosiy qismi Trinidaddan keltirilgan.

Zamonaviy koʻpriklar uchun asfalt-sement³ birikmasi ishlatiladi. U tosh va qumni bir-biriga bogʻlab, suvni ushlab turadi. U egiluvchan hamda katta vazn ostida egiladi-yu, ammo buzilmaydi. Uchish maydonlari qurilishida juda mustahkam asfalt ishlatiladi, chunki baʼzi samolyotlar ogʻirligi 140 tonnadan oshadi. Xuddi shunday asfalt vazni 45 tonnadan ortiq yuk mashinalari harakatlanadigan avtomobil yoʻllarini qurishda ham qoʻllanadi.

Siz yashaydigan hudud yoʻllari asfalt qilinganmi? Asfalt yotqizish mashinalarini koʻrganmisiz?


[1] Bobil — janubiy Mesopotamiyadagi qadimiy shahar, Bobil imperiyasining poytaxti.
[2] Bitum — uglerod va vodorod birikmasidan iborat biriktiruvchi modda.
[3] Sement — suvga qo‘shilganda tez qotib, toshsimon massaga aylanadigan qurilish materiali.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!