Ko‘mir qanday hosil bo‘lgan?

Koʻmir Yer rivojlanishining turli davrlari davomida hosil boʻlgan. Taxminan 250 000 000 yil oldin boshlanib qariyb 35 000 000 yil davom etgan Pensilvaniya davri — koʻmir hosil boʻlgan eng uzoq davr. Koʻmirning qolgan qismi birdan yuz million yilgacha boʻlgan davr oraligʻida shakllangan.

Oʻsha paytlar nimalar yuz bergan va koʻmir qanday shakllangan? Koʻmir Yer qobigʻidagi toshlar orasida uzunligi bir necha kilometr, qalinligi esa uch metrgacha boʻlgan qatlamlar shaklida joylashgan. U yuz millionlab yil oldin iliq va nam iqlim sharoitidagi botqoqli oʻrmonlarda oʻsgan qadimgi daraxt va oʻsimliklarning qoldiqlaridan tashkil topgan.

Bunday botqoqlarda, asosan, tez oʻsadigan qamish va ulkan paporotniklar¹ oʻsgan. Vaqt oʻtishi bilan ular nobud boʻlib, botqoqqa tushgan. Botqoq ularni chirishdan saqlagan. Bakteriyalar faoliyati natijasida daraxtlarning ayrim qismlari gazga aylanib uchib ketgan. Asosan, ugleroddan iborat qora massa qolgan. Keyinchalik u koʻmir qatlamga aylangan.

Gullagan oʻsimliklar asta-sekin bu qatlamning bir necha metr qalinlikda oʻsishini taʼminlagan. Ushbu hudud suv bilan qoplangach, bu jarayon toʻxtagan. Natijada koʻmir qatlamlari choʻkindi va qum bilan qoplangan.

Vaqt oʻtishi bilan yuqori qatlamlar bosimi suyuqlikni siqib chiqargan va asta-sekin qotib, koʻmirga aylanadigan xamirsimon massa qoldirgan. Baʼzi joylarda bu jarayon bir necha bor takrorlangan. Hosil boʻlgan choʻkindi qatlamlari suv bilan qoplangan. Oxir-oqibat yana botqoq paydo boʻlgan. Yana oʻsimlik qatlami shakllanib, uni qayta suv bosgan. Shu yoʻsinda vaqt oʻtishi bilan qotgan loy va qum bilan ajratilgan koʻmir qatlamlari hosil boʻlgan.

Yogʻochning koʻmirga aylanishi uchun uzoq muddat kerak. Koʻmirning yogʻochdan kelib chiqqanini koʻrish oson. Baʼzan koʻmirda yaxshi saqlanib qolgan paporotnik, daraxt poʻstlogʻi, toshqotgan tana va toʻnka izlari topiladi.


[1] Paporotnik — gulsiz, sporali, yirik bargli oʻsimlik.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!