Mineral nima?
Mineralning qanday turlari bor? Mineral nima?
2 min
Bu nima?

Mineral bu — Yer qobigʻining bir qismi va noorganik¹ asosga ega modda. Baʼzida neft, koʻmir va ohaktosh minerallar deb ataladi. Ammo ular Yer yuzida ancha oldin yashagan oʻsimlik va hayvonlardan kelib chiqqani tufayli ularni minerallar deb tasniflab boʻlmaydi.

Minerallar ikki guruhga — metalli va metallmaslarga boʻlinadi. Metallilarga qizil temirtosh rudasi (temir), mis rudasi, boksit (alyuminiy) kiradi. Metallmasslar guruhiga esa kvars, asbest, kalsitlarni kiritish mumkin. Odatda minerallar kristallar shaklida uchraydi.

Minerallar va tosh jinslarini chalkashtirib yuborish oson boʻlsa ham ular orasida farq mavjud. Mineral maʼlum bir tuzilishga ega. Uning kimyoviy tarkibi doimiydir. Dunyoning istalgan nuqtasida topilgan mineral bir xil yaltiroqlik, qattiqlik (mustahkamlik) va boshqa xususiyatlarga ega.

Tosh jinslari turli xil minerallardan iborat. Masalan, granit kvars, dala shpati, slyuda va boshqa minerallardan iborat. Ammo bir joyda topilgan granit boshqa hududda qazib olingan granitga nisbatan ushbu minerallarning turli hajmlaridan tarkib topgan boʻlishi mumkin.

Minerallar turli joylardan qazib olinadi. Ular tosh jinslarida ham, turoqda ham boʻlishi mumkin va turli xil tuzilishga ega. Koʻpchilik minerallar koʻp yillar oldin magma deb ataladigan qaynoq massadan kristallarga aylangan yoki qotib qolgan. Olmos, slyuda va dala shpati magmadan hosil boʻlgan minerallardir.

Ayrim minerallar goʻzalligi va noyobligi tufayli yuqori qiymatga ega. Ular qimmatbaho toshlar deb nomlanadi. Ular orasida olmos, yoqut, topaz va boshqalar bor. Minerallarning boshqa turlari hamma yerda mavjud. Eng koʻp tarqalgani — kvars. Dunyoning deyarli barcha qismlarida tarqalgan kvarsning 200 ga yaqin turi maʼlum.


[1] Noorganik — organik boʻlmagan oddiy va tarkibida uglerod boʻlmagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!