Simob nima?
Simob qanday modda? Simob nima?
2 min
Bu nima?

Simob — xona haroratida suyuq holatda boʻladigan juda gʻaroyib metall. 

Simob −39 °C darajada muzlaydi va +357 °C darajada qaynaydi. Simob suvdan 13,6 marta ogʻirroq, uning sirt taranglik kuchi yuqori boʻlgani sababli koʻp jismlar unda bemalol choʻkadi. Simob mayda tomchilarga boʻlinib, sochilib ketish xususiyatiga ega.

Tabiatda simob kinovarda (qizil rangli mineral) uchraydi. Kinovar togʻ jinslari, asosan, vulqondan kelib chiqqan rudalar tarkibiga kiradi.

Simob tez bugʻlanadi. Sof metall olish uchun rudani +482 °C darajagacha qizdirish kerak. Bugʻlar yigʻilib, kondensatlanadi¹. Natijada simob hosil boʻladi.

Insoniyat simobning turli xil koʻrinishlaridan foydalanib keladi. Yozuv paydo boʻlgungacha kinovar qizil boʻyoq tayyorlashda asosiy rol oʻynagan. Miloddan avvalgi 415-yilda ham rudadan simob olishni bilishgan. Uni turli metall yuzalarni qoplash hamda baʼzi kasalliklarni davolashda ishlatishgan. Qimmatbaho metallar olishga uringan alkimyogarlar² simobni sehrli deb bilgan. Ular simobni oʻz tajriba va marosimlarida ham faol qoʻllashgan. 

Hozirgi vaqtda simob tibbiyotda keng qoʻllanadi. Simob va uning elementlari zaharli boʻlishiga qaramasdan, turli dori vositalari va dezinfeksiyalovchi (zararsizlantiruvchi) mahsulotlar tarkibiga qoʻshiladi. Simobdan foydalanishning uchdan bir qismi tibbiyotga toʻgʻri keladi. 

Biz simob xususiyatlarini termometrlar³ orqali bilamiz. Chunki u harorat oʻzgarishini tez va bexato aniqlaydi. Bugungi kunda simobdan boʻyoq tayyorlash, stomatologiyada, xlor, kaustik soda va elektr qurilmalar ishlab chiqarishda foydalaniladi.


[1] Kondensatsiya — bugʻ yoki gazsimon moddaning sovish yoki siqilish natijasida suyuq holga aylanishi.
[2] Alkimyogar — oʻrta asrlarda oddiy metallarni oltin va kumushga aylantirgan odamlar.
[3] Termometr — haroratni, issiqlik yoki sovuqlik darajasini oʻlchaydigan asbob.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!